Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zarxiv“ agentligi tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar, joriy yildagi dolzarb vazifalar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2024 yilga mo‘ljallangan rejasi 20 ta ko‘rsatkich bo‘yicha to‘liq bajarildi.
Xususan, “O‘zarxiv” agentligi tomonidan yil davomida 7 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi. O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 1,1 million saqlov birligidagi 81 million kadr raqamlashtirildi. O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan 15,4 million kadr raqamlashtirildi. “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimiga 1 million 292 ming 550 ta ma’lumot kiritildi.

Joriy yilda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi uchun kino hujjatlarini 4K formatda raqamlashtirish imkonini beruvchi zamonaviy Cintel 4K kinoskaner xarid qilindi. Hozirda arxivda saqlanayotgan kinohujjatlarni 4K formatda qayta raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi muassasalarda qayta tiklanuvchi va energiya tejovchi manbalarni o‘rnatish yuzasidan qator amaliy ishlar olib borildi. Bugunga qadar tizimda quyosh paneli – 480 kVt, 2400 litrlik quyosh kollektori o‘rnatildi.
2024 yil davomida respublika arxivlariga 513 ming 301 ta so‘rov kelib tushgan. Davlat arxivlari o‘quvxonalariga 1 ming 537 nafar mahalliy, 60 nafar chet ellik tadqiqotchilar tashrif buyurdi. 93 ming 100 saqlov birligidagi arxiv hujjatlari tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA