Mamlakatimizda kadastr sohasini takomillashtirish, kadastr yig‘ma jildlarini raqamlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada barcha viloyatlarda ishchi guruh tashkil etilgan.
Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning hududiy tuman(shahar) filiallari idoraviy arxivida jami 530 783 ta kadastr yig‘ma jild hujjatlari mavjud. Ayni paytda barcha filiallarda arxiv hujjatlarini raqamlashtirish ishlari davom etmoqda.
– Belgilangan ishlar ijrosini ta’minlash maqsadida filiallar joylashuvi, hujjatlar soni, ish hajmi va ichki imkoniyatlarni inobatga olgan holda ishchi guruhlari tashkil etilgan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi mutaxassisi Muhammad Abdullayev. – Jumladan, viloyatda namunaviy arxiv sifatida tanlab olingan Kogon shahar filiali idoraviy arxivida saqlanayotgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr yig‘ma jildlarini raqamlashtirish va ularni hisobga olish rejasi tasdiqlandi. Unga asosan, shu kunga qadar Kogon shahar idoraviy arxivida saqlanayotgan 18 482 ta ko‘chmas mulk ob’ektiga oid arxiv hujjatlarining 16 215 tasi to‘liq raqamlashtirilib elektron bazasi yaratildi.
Buxoro viloyati bo‘yicha bugungi kunga qadar 54 843 ga yaqin hujjatlar to‘liq o‘rganib chiqilgan. Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish ishlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri