Ozarbayjonda “Baku Energy Week - 2026” o‘z ishini boshladi
Mazkur nufuzli haftalik doirasida “Caspian Oil and Gas” 31-xalqaro ko‘rgazmasi, “Caspian Power” 14-xalqaro ko‘rgazmasi hamda “Baku Energy Forum” bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etib, energetika sohasidagi global tendensiyalar, energiya xavfsizligi, an’anaviy resurslar bilan bir qatorda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.

Bu yilgi energetika haftaligida dunyoning 40 dan ortiq davlatidan 400 dan ziyod kompaniya va korporatsiyalar, moliyaviy institutlar hamda energetika sohasidagi yetakchi investorlar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma maydoni 10 ming kvadrat metrdan ortiq hududni qamrab olgan bo‘lib, unda sohaning eng ilg‘or texnologiyalari va innovatsion yechimlari namoyish etilmoqda.
Tadbir doirasida xalqaro delegatsiyalar va yuqori martabali mehmonlar uchun maxsus VIP-tur tashkil etildi. Unda ishtirokchilar yirik energetika kompaniyalari stendlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev jamiyat stendiga ham tashrif buyurgan. U yerda kompaniya faoliyati, ishlab chiqarish salohiyati, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari hamda neft-gaz va gaz-kimyo sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.


N.Ziyodullayeva, O‘zA