Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti O‘zbekistonga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi bilan birga 22 avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Toshkent shahri xalqaro aeroportida ularni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 23 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Prezidentlar ikki mamlakat biznesi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarda ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.
Ikrom AVVALBOEV,
Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA