O‘zA muxbiri «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Umummilliy birdamlik – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ekspertlar, milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari ahillik, tinchlik va bag‘rikenglik muhitida yashayotgani, bu Yangi O‘zbekistonning eng katta boyliklaridan biri ekani ta’kidlandi.

Konferensiyada umummilliy birdamlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada rivojlantirish, xalq diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish hamda bu boradagi xalqaro tajriba va ilmiy yondashuvlar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida millatlararo totuvlik va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faollar «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Taqdirlanganlar orasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Siyosat va yangiliklar tahririyati yetakchi muharriri Nigora Rahmonova ham bor. Aytish joizki keyingi yillarda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita faoliyati agentlik sahifalari orqali keng yoritilib kelinmoqda. Shuningdek, «Bag‘rikenglik va xalq diplomatiyasi» loyihasi doirasida yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari ishtirokida videosuhbatlar tayyorlanib, ularning hayoti, milliy qadriyatlari, urf-odatlari hamda O‘zbekistondagi ahillik va hamjihatlik muhiti keng jamoatchilikka yetkazib kelinmoqda.
Shuningdek, tadbir yakunida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Hamroz Bayanov, Farhod Abdurasulov ( surat) ,
O‘zA