“Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni fidoyi yurtdoshlarga tantanali topshirildi
Mamlakatimizdagi tinch va osuda, mehr-oqibat hamda muruvvatga asoslangan muhit zamirida millatlararo hamjihatlik, umummilliy birdamlik va do‘stlikka tayangan uzoqni ko‘zlovchi odilona siyosat mujassam. Bu ezgu muhitni shakllantirish va mustahkamlashda yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilayotgan turli soha vakillarining hissasi beqiyos.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ana shunday fidoyi yurtdoshlarimizning katta guruhiga “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev davlatimiz rahbarining 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi “Do‘stlik” festivaliga yanada baland ruh va bayramona kayfiyat bag‘ishlaganini ta’kidladi.
Tabrikda qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashab, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. G‘oyat noyob ijtimoiy hodisa hisoblangan bunday milliy-madaniy xilma-xillik Yangi O‘zbekistonning har bir fuqarosi millati, tili va dinidan qat’i nazar erkin va farovon yashaydigan insonparvar davlat sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-30645]
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini yuksaltirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik hamda konfessiyalararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashdan iborat. Turli millat va elat vakillarining o‘zaro hurmat va hamjihatlik asosida emin-erkin hayot kechirayotgani mamlakatimizda olib borilayotgan ezgu islohotlarning amaliy samarasi.
So‘nggi bir necha yildan buyon millatlararo totuvlik, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan fuqarolar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.
E’tiborlisi, mazkur ko‘krak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, milliy madaniy markazlar hamda do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, chet eldagi vatandoshlar taqdirlanmoqda.
Joriy yilda ham 67 nafar yurtdoshimiz ushbu yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ular orasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Nigora Rahmonovaning ham borligi quvonarli.
Tadbirda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirildi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda inson qadr-qimmatini yuksaltirish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbirlari