O‘zA Bolgariya axborot agentligi bilan memorandum imzoladi
O‘zbekiston Respublikasining chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosati tufayli so‘nggi yillarda xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlar dunyo hamjamiyatida diyorimizga nisbatan qiziqishni kuchaytirib, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Izchil islohotlar, o‘z navbatida, media tuzilmalari oldiga jahonning yetakchi axborot agentliklari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, muntazam axborot almashishni yo‘lga qo‘yish, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida aholini xolis, haqqoniy axborot bilan tezkor ta’minlash vazifasini qo‘ymoqda.

Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda o‘lkamizning Yevropa davlatlari bilan turli sohalardagi hamkorligi ko‘lami kengaymoqda. Ayni jarayonda mintaqada alohida o‘ringa ega Bolgariya bilan muntazam axborot almashish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shundan kelib chiqib, O‘zA Bolgariya Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Bolgariya axborot agentligi – BTA bilan Hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi.

Ushbu muhim hujjatni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov va Bolgariya axborot agentligi rahbari Kiril Valchev imzoladilar. Mazkur tashabbusni Yevropa mintaqasi bilan axborot sohasida sheriklik o‘rnatish yo‘lidagi navbatdagi qadam, deyish mumkin.
Sofiya shahrida kechgan uchrashuvda A.Ko‘chimov jahon miqyosida OAV bilan aloqalarni mustahkamlash agentlik uchun strategik vazifa hisoblanishini qayd etdi.

– Xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchli hamkorlik rishtalari bog‘lab turganini alohida qayd etish lozim, – dedi O‘zA rahbari. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar yildan-yilga yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bolgariya bizning Yevropa Ittifoqidagi eng ishonchli va muhim sheriklarimizdan biridir. E’tiborlisi, endilikda O‘zbekiston jamoatchiligi Bolgariya hayoti, uning boy madaniyati va iqtisodiy salohiyatiga oid yangiliklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri birinchi manbadan olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xuddi shuningdek, Bolgariya va Yevropa ahli ham O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi dinamik o‘zgarishlar, sayyohlik salohiyati va amalga oshirilayotgan transformatsiyalar haqida xolis axborot bilan muntazam ta’minlanadi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur memorandum ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik doirasida mamlakatlarimiz hayotiga oid dolzarb mavzularni, mintaqaviy va global masalalarni yoritib borish, turli madaniyatlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish orqali O‘zA va BTA o‘rtasida xolis, ishonchli axborot maydoni yaratishga qaratilgan.
– O‘zA bilan sheriklik o‘rnatilayotganidan mamnunmiz, – dedi BTA Bosh direktori Kiril Valchev. – Ta’kidlashim joiz, bu biz uchun Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlik yo‘lidagi dastlabki qadam. O‘zAning ingliz tilida chiqadigan maqolalarini kuzatib boraman. Agentlik O‘zbekiston, mintaqa va jahon yangiliklarini ishonchli manba sifatida jamoatchilikka tarqatmoqda.
Memorandumga muvofiq, endi ikki agentlik muntazam axborot va tajriba almashadi, maqola, foto va video lavhalardan o‘zaro foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Darvoqe, Bolgariya axborot agentligi ham o‘z saytida O‘zA bilan hamkorlik memorandumi imzolangani haqida xabar berdi. Maqolada BTA jamoasining xorijiy hamkorlari qatoridan Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib mamlakatimiz yetakchi rasmiy axborot agentligi o‘rin olganidan mamnunligi qayd etilgan. Shuningdek, samarali o‘zaro sheriklik davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirilgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA
Sofiya, Bolgariya