Moziyga qaytib...

Bundan 20 yillar avval, talabalik davrida kursdoshlar bilan Oybek uy-muzeyiga borgan edik. Muzeyga sayohat xotiramizga ulkan taassurotlar qoldirgan. Biz, bolalikdan o‘qib o‘rgangan, adabiyotimizning yirik vakili Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekni aynan o‘sha yerda qayta kashf qilganmiz, ijodi bilan yanada chuqurroq tanishganmiz. O‘sha davr voqeliklarini qalban his qilganmiz. Sayohat taassurotlari ostida adibning rafiqasi Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” nomli sevgi va vafo dostonini qo‘lma-qo‘l mutolaa qilganimiz ham yodimda.

Ajdodlarimiz merosini o‘rganish, yoshlarni tarix, adabiyot va san’atimizga hurmat, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda uy-muzeylari faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkentning “Ishchilar shaharchasi” deb atalgan dahasida xalqimiz, ayniqsa, ilm-fan va madaniyat ahli uchun tabarruk dargoh bor. Bu yerda 1940-1968 yillarda, ya’ni hayotining so‘nggi daqiqalariga qadar buyuk o‘zbek adibi va jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek yashab ijod qilgan. 

Tariximiz va buyuk ajdodlarimiz haqidagi ma’lumotlar targ‘ibotiga qaratilgan “Moziyga qaytib...” loyihasining navbatdagi soni anglaganingizdek Oybek uy-muzeyidan tayyorlandi.

Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905 yilning 10 yanvarida Toshkent shahrining Gavkush mahallasida dunyoga kelgan. Bo‘lajak adibning yoshligi shu mahallada o‘tgan. Oila qurganidan keyin Toshkentning 4 dahasida ijara uylarda yashagan. Nihoyat, 1940 yilda davlat fan va madaniyat xodimlariga yer taqsimlab berilgan. Adibga  ham 600 kvadrat metrli yer maydoni ajratilgan. Uy barpo etilayotgan yillarda hali hamma imoratlar qurilib, yo‘lu yo‘laklar aniq qiyofa kasb etmagan edi. Shu tufayli ko‘cha “Proyektnaya” – “Loyiha” ko‘chasi deb atalgan. Hozirda ushbu ko‘chaga “Iftixor-1” nomi berilgan. Shu ko‘cha bo‘ylab uch-to‘rt daqiqa yursangiz, 26-uy keladi. Katta darvozaning so‘l tarafidagi devorga buyuk o‘zbek adibi Oybekning 1940-1968 yillarda shu uyda istiqomat qilganligi haqida lavha osilgan. 

Oybek uy-muzeyi adib tavalludining 80 yilligi munosabati bilan 1985 yilda barpo etilgan. 1940-1941 yillarda qurilgan 5 xonali binoda adibning hayot va ijod yo‘lini aks ettiruvchi ekspozitsiya joy olgan. Katta darvozadan o‘tib, ichkariga kirilganidan so‘ng, so‘l tomonda – bir zamonlar terrasa (ayvon) bo‘lib xizmat qilgan xonada Oybek uy-muzeyining ekspozitsiyasi bilan tanishish mumkin. 5 xonadan iborat bu qismga kiraverishda, o‘ng tomonda mo‘’jazgina bir xona bor. Bu xona adibning rafiqasi, birinchi o‘zbek rassom qizi va birinchi o‘zbek kimyogar olimasi Zarifa Saidnosirova va uning otasi – mashhur ma’rifatparvar va tadbirkor Saidnosir Mirjalilovga bag‘ishlangan. Bu xonadan chiqilganda Oybekning bolalik va yoshlik davri bilan tanishtiruvchi xona joylashgan. Tashrif buyuruvchilar bu yerda XX asr boshlaridagi Toshkent shahrining ko‘rinishi, adibning o‘sha davrga oid suratlari, u tahsil olgan bilim yurtining domla va talabalari, ilk she’rlarining qo‘lyozma va bosma nusxalari, Oybek ijodining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan shoirlar va ularning kitoblari bilan tanishishi mumkin.

Ikkinchi xona Oybekning 30-40-yillardagi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Adib shu yillarda Navoiy va Pushkinning ijod buloqlaridan hovuchlab suv ichdi, Navoiyga bag‘ishlab she’r va ilmiy maqolalar yozdi, Pushkinning “Yevgeniy Onegin” she’riy romanini tarjima qildi. 1937 yil Oybek sobiq Turkiston Muxtoriyat hukumatining xazinachisi S.Mirjalilovning kuyovi sifatida qoralanib, Yozuvchilar uyushmasidan ham, Til va adabiyot institutidan ham haydaldi. Shunday xatarli zamonda, oilasi bilan goho-goho bir burda nonga zor bo‘lib yashaganiga qaramay, “Qutlug‘ qon” romanini yaratdi. Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon romanlari qatag‘on qilingan zamonlarda “Qutlug‘ qon” yosh o‘zbek yozuvchilarini roman janrida ijod qilishga ilhom berib, yo‘l ko‘rsatib turdi. Xona o‘rtasidagi to‘rt qirrali javonda ushbu durdona asar –“Qutlug‘ qon” joy olgan. 

Uchinchi zaldagi ekspozitsiya markazida Navoiy mavzusi aks ettirilgan. Oybekning ulug‘ shoir haqidagi o‘lmas asari garchand urush yillarida yozib tugallangan bo‘lsa-da, uning xalqaro e’tibor va shuhrat qozonishi urushdan keyingi davrga oid. Shu xonaga kirgan tashrifchi “Navoiy” romanining tikanli simlar ortida turgan yirtilgan-yamalgan bir nusxasiga e’tibor qaratishi tayin. Bu, sobiq o‘zbek harbiy asirlarining Oybek uy-muzeyiga sovg‘asi. Urushning so‘nggi kunlarida “Navoiy” romanini o‘qib, uni ko‘ziga surtgan sobiq asirlardan biri uni o‘zi bilan birga lagerma-lager olib yurgan, nazoratchilar kitobni otib-uloqtirib tashlaganiga qaramay, uni do‘stlari bilan birga ko‘z qorachig‘idek saqlagan. Hayotbaxsh g‘oyalar bilan sug‘orilgan, har bir lavhasidan o‘zbek diyori shabadalari esib turgan bu roman ularga ruhiy madad va kuch bergan bo‘lsa, ajab emas.

50-yillar avvalida boshlangan qatag‘onning yangi to‘lqini Oybekni yana o‘z girdobiga torta boshladi. Raqiblar hatto “Navoiy” romanidan ham siyosiy xatolarni izlab topadi. Ekspozitsiyadagi gazeta maqolalari, suratlar, hujjatlar shu haqda hikoya qiladi. 

O‘sha yillar buyuk adibning oyoqlari ostidagi zamin kundan-kunga o‘pirila boshlaydi. Shunday iztirobli, azob-uqubatli kunlarning birida u insult xastaligiga chalinib, tili so‘zlash, qo‘li ishlash quvvatini yo‘qotadi. Zarifaxonim butun kuchini Oybekni qayta oyoqqa qo‘yishga qaratdi. 

Oybek 1951 yil aprelidan 1968 yil, ya’ni vafot etguniga qadar o‘z qo‘li bilan yoza olmadi. Ammo u qiynalib bo‘lsa-da, bir oz gapira boshlagach, Zarifaxonimning qo‘llari bilan “Quyosh qoraymas”, “Ulug‘ yo‘l” romanlari, “Nur qidirib”, “Bolalik xotiralarim”, “Bola Alisher” qissalarini, “Davrim jarohati”, “Guli va Navoiy” va boshqa dostonu she’rlarini yozdi.

Muzeyning “Oybek abadiyati” deb atalgan to‘rtinchi zalida adibning o‘zbek va rus tillaridagi ko‘p jildlik nashrlari, shuningdek, ayrim asarlarining so‘nggi yillarda xorijda nashr qilingan nusxalari namoyishga qo‘yilgan. Bundan tashqari, adibning tasviri tushirilgan, go‘zal misralari bitilgan sopol va chinni idishlar, misdan ishlangan buyumlar, Oybekka bag‘ishlangan badiiy, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni shu yerda ko‘rish mumkin. 

Hovlining shimoliy tarafidagi binoda esa memorial xonalar – mehmonxona, ijodxona (birinchi qavatda), Zarifa Saidnosirovaning xonasi va yotoqxona (ikkinchi qavatda) joylashgan. 

[gallery-22815]

Ikkinchi qavatga dahlizdagi yog‘och zinalar osha chiqiladi. Xonaning bir chekkasida – molbert. U O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyevdan esdalik. Zarifaxonim u bilan birga buyuk rus rassomi Ilya Repinning shogirdi N.Rozanov studiyasida tasviriy san’at sirlarini o‘rgangan. Shu xona devorlaridagi moybo‘yoq bilan ishlangan tabiat manzaralarini Zarifaxonim umrining so‘nggi yillarida ishlagan. 

Muzeyga Oybek hayoti va ijodini o‘rganish, adabiyot olamiga sayr qilish maqsadida adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, teatr, kino va musiqa san’ati arboblari, jurnalistlar, turli kasb-hunar vakillari muntazam tashrif buyuradi. Shu bilan birga, ushbu dargohda o‘quvchi-yoshlar, talabalar uchun adabiy kechalar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. 

Tariximiz va adabiyotimizning bir parchasi bo‘lgan ushbu go‘shaga siz ham albatta, tashrif buyuring!

“Moziyga qaytib...” loyihasining avvalgi sonlarida uzatilgan fotoreportajlarni qo‘yidagi havolalar (https://uza.uz/posts/584824), (https://uza.uz/posts/591857), (https://uza.uz/posts/598274), (https://uza.uz/posts/617760), (https://uza.uz/posts/674379), (https://uza.uz/uz/posts/688749) orqali ko‘rishingiz mumkin.   

Kamola YUSUPOVA, 

Asliddin ALIJONOV (surat), O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oybek uy-muzeyidan fotoreportaj