Ota kasbi beshinchi avlodgacha davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi Madaniyat mahallasi Tangali qishlog‘ida yashovchi Ergash Xushboqov qariyb oltmish yildan buyon temirchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. U otasidan meros qolgan hunarni nafaqat davom ettirdi, balki uni farzandlari va nabiralariga ham o‘rgatmoqda.
1947-yilda usta-chilangar oilasida tug‘ilgan Ergash ota mehnat faoliyati davomida temirchilik buyumlari tayyorlash, turli asbob-uskunalar va uy-ro‘zg‘or jihozlarini ta’mirlash bilan shug‘ullanib keldi. Bugun ham u ustaxonasida faoliyat yuritib, yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatishni davom ettirmoqda.
[gallery-30616]
— Temirchilik otamdan meros qolgan hunar. Endi uning sir-asrorlarini farzandlarim, nevaralarim va chevaralarimga o‘rgatyapman. Bugun bu hunar beshinchi avlodga o‘tmoqda. Bu biz uchun katta mas’uliyat va ayni paytda katta baxt, - deydi Ergash Xushboqov.
Otaxon umr yo‘ldoshi Narbiya momo bilan sakkiz nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Bugun ularning 30 nafar nevarasi va 10 nafar chevarasi bor. Oila a’zolarining bir qismi ham ota kasbini davom ettirib, ustaxonada mehnat qilmoqda.
Ko‘p yillik mehnat tajribasi va hunarga sadoqati bilan Ergash ota mahallada yoshlar uchun ibrat maktabiga aylangan. Uning fikricha, hunar avloddan avlodga o‘tishi orqali xalqning mehnat an’analari va milliy qadriyatlari davomiyligi ta’minlanadi.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA