Ostonada “Kelajak o‘yinlari-2026” fijital sport musobaqalari o‘tkazilmoqda
Bugun, 29-iyul kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada “Kelajak o‘yinlari-2026” sport o‘yinlari doirasida xalqaro tashkilotlar va fijital sport sohasidagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirgan xalqaro sammit – “Phygital Sports Summit Astana 2026” boshlandi.
Nufuzli anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan sport vazirlari, xalqaro sport tashkilotlari rahbarlari, soha ekspertlari hamda texnologiya kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov sammit tadbirlarida ishtirok etdi va "Fijital sport kelajagini shakllantirish" sessiyasida ma’ruza qildi.

Anjuman doirasida fijital sportni rivojlantirish, an’anaviy sport va raqamli texnologiyalarni uyg‘unlashtirish, yoshlar sportini qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt va innovatsion yechimlarni sport sohasiga joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 29-iyul-9-avgust kunlari o‘tkaziladigan “Kelajak o‘yinlari” fijital sport musobaqalarida 35 ta davlatning 800 nafardan ortiq sportchilari sakkizta yo‘nalishda kechadigan bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA