"Kelajak o‘yinlari-2026": Fijital futbolchilarimiz Ispaniyani mag‘lub etdi
Shu kunlarda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida 8 ta fijital sport yo‘nalishlarida “Kelajak o‘yinlari - 2026” musobaqalarining final bosqich bahslari o‘tkazilmoqda.
Sovrin jamg‘armasi 4 million AQSH dollaridan iborat mazkur o‘yinlarda 50 ga yaqin davlatning 800 nafardan ortiq eng mahoratli fijital sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi mazkur o‘yinlarning fijital futbol, lazertag va just dance bahslarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.

O‘yinlar dasturiga muvofiq, bir qator yo‘nalishlarda sovrindorlar nomi aniqlangan bo‘lsa, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan yo‘nalishlardagi musobaqalarga kecha start berildi.
Xususan, kecha fijital futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ilk o‘yinni Ispaniya jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Qiziqarli kechgan tafakkur va jismoniy faollik musobaqasida yurtimiz vakillari 5:3 hisobida g‘alaba qozondi.

Bugun, 5-avgust kuni lazertag yo‘nalishidagi musobaqalarga start berilsa, ertaga 6-avgustdan just dance bahslari boshlanadi. O‘yinlar 9-avgustga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA