Osiyoning eng kuchli stol tennischilari Toshkentda aniqlanadi
Bugun, 19-oktabr kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari boshlanadi.
Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan qit’a chempionatining ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bir qator o‘yinlarda o‘z iqtidorini namoyish etadi.
Jumladan, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari dastlabki saralash musobaqasida avval Turkmaniston, keyin Saudiya Arabistoni vakillari bilan kuch sinashsa, ayollar guruhida hamyurtlarimiz Iordaniya bilan to‘qnash keladi.

33 ta davlatning eng mahoratli kichik raketka ustalari qatnashayotgan Osiyo chempionatining ochilish marosimi ertaga, 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Yakkalik, jamoaviy, aralash jamoaviy yo‘nalishlarda boshlangan Osiyo chempionati musobaqalari 25-oktabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA