Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogining guruh bosqichi birinchi tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Kuni kecha ushbu bosqichning “A” guruhidagi uchrashuvlar o‘z yakuniga yetgan bo‘lsa, bugun, 4 aprel kuni “B” va “C”, ertaga “D” guruhida ilk tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
“A” guruhida Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ilk o‘yinda Tailand termasini 4:1 hisobida taslim etdi. Musobaqa mezboni bo‘lgan Saudiya Arabistoni esa Xitoy bilan o‘tgan uchrashuvda 2:1 hisobida zafar quchdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari 3 ochko jamg‘argan holda guruh jadvalining birinchi hamda ikkinchi pog‘onalaridan joy oldi. Jamoalar gollar nisbatiga ko‘ra o‘rinlarga taqsimlandi.

Endi ushbu guruhda ikkinchi tur uchrashuvlari 6 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Xitoy, Saudiya Arabistoni – Tailand termalari o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘lamiz.
Chempionat doirasida bugun “B” guruhida Avstraliya va Vetnam, BAA hamda Yaponiya o‘smirlar terma jamoalari raqobatlashsa, “C” guruhida Janubiy Koreya – Indoneziya, Afg‘oniston – Yaman termalari o‘zaro bahslashadi.
Ertaga, 5 aprel kuni “D” guruhida O‘mon – Tojikiston, Eron – KXDR uchrashuvlaridan so‘ng musobaqaning birinchi turi o‘z yakuniga yetadi.

Ma’lumot o‘rnida: Osiyo chempionatining guruh bosqichidan eng yaxshi natija qayd etgan 2 ta terma jamoa chorak finalga yo‘l oladi. 13-14 aprel kunlari o‘tkaziladigan ushbu bosqichda “A” va “B”, “C” hamda “D” guruhlaridagi 1-2 o‘rinlarni egallagan jamoalar raqobatlashadi. Musobaqaning yarim final uchrashuvlari 17 aprel kuni tashkil etilsa, final 20 aprelda o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA