O‘simliklar Genetik Resurslari ilmiy tadqiqot instituti tomonidan “Global iqlim o‘zgarishlari va oziq-ovqat xavfsizligida o‘simliklar genetik resurslarining roli” mavzusidagi ilmiy-amaliy simpozium tashkil etildi.
Ushbu tadbir institut tashkil topganligining 100 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning texnik ko‘magi yordamida va “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tdi.
Simpoziumda global iqlim o‘zgarishlari davrida o‘sib borayotgan dunyo aholisining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar, bioxilma-xillikni bugungi va kelajak avlod uchun bus-butun saqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘zga chiqqanlar o‘simliklar genetik resurslarini urug‘ va dala genbanklarida saqlashning zamonaviy usullari, global iqlim o‘zgarishi sharoitida seleksion muammolarning zamonaviy-innovatsion yechimlari, suv tanqisligi sharoitida biologik resurslardan foydalanish muammolari xususida ma’ruza qildilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EXYHJhQHOtE" title="Oʻsimliklar genetikasiga bagʻishlangan xalqaro simpozium" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Anjumanga respublikamiz va xorijiy mamlakatlar kelgan olimlar tomonidan 300 dan ortiq ilmiy maqolalar kelib tushdi hamda ularning 200 tasi qabul qilindi. Konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari, 20 nafardan ortiq xorijlik olimlar, yurtimizdan 150 nafardan ortiq sohaning taniqli professor-doktorantlari, tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Ta’kidlandiki, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikda 100dan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari genetikasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilgan. Birgina qovunning 3000 dan ortiq turlari genetikasi yaratildi. O‘z navbatida xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston genetik bankini yaratish borasidagi ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan 20 million dollarlik mablag‘i bugun soha rivojiga xizmat qilayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, xalqaro tashkilot vakillari yurtimiz olimlarini malakasini oshirishlari va o‘zaro tajriba almashishlari uchun sharoit yaratib berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Xullas simpozium juda ko‘plab dolzarb muammolar va vazifalarni qamrab oldi. Har bir olim o‘simliklar genetikasi bo‘yicha o‘z yechimlarini, tavsiyalarini taklif etdi. Simpozium doirasidagi tadbirlar 9 noyabrgacha davom etadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA