O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri Andijonda
Z. M. Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri ijodiy safar bilan Andijonga keldi. Qariyb 100 yillik tarixga ega Z. M. Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri nafaqat Qirg‘izistonda, balki Markaziy Osiyodagi ko‘hna, o‘zining ijodiy an’analariga ega san’at muassasalaridan biri hisoblanadi.
Teatr o‘tgan asrning boshlarida, aniqrog‘i 1914 yilda dramtruppa tarzida tashkil etilgan, 1929 yilda professional teatr sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Ana shundan buyon teatr Qirg‘izistonda o‘zbek san’atini targ‘ib qilib, ikki qo‘shni xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Turli yillar davomida teatr jamoasi tomonidan saxnalashtirilgan “Manas”, “Tohir va Zuhra”, “Layli va Majnun”, “Soxibqiron”, “Nodirabegim”, “Zebuniso”, “Cho‘lpon” singari juda ko‘p spektakllar yuksak mahorat bilan namoyish etilib, tomoshabinlar olqish va e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari, jamoa ko‘plab xalqaro teatr festivallarida ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Ikki qo‘shni va qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni, teatr jamoalari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ijodiy safar doirasida O‘sh teatri jamoasi tomonidan Andijon shahridagi Z.M.Bobur nomli viloyat musiqali drama teatrida “Soqov kelin” spektakli namoyish etildi.
[gallery-6839]
Namoyish oldidan bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘z olganlar o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichiliik va madaniy aloqalar mustahkamlanib borayotganligi, Z. M. Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrining ijodiy safari ana shu ezgu ishlarni mustahkamlashga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Dramaturg Rixsivoy Muhammadjonov asari asosida teatr badiiy rahbari Ravshanbek Tursunov tomonidan sahnalashtirilgan komediya janridagi mazkur spektaklni andijonlik teatr muxlislari katta qiziqish bilan tomosha qildi.
– Ijodiy jamoamiz tomonidan namoyish etilayotgan “Soqov kelin” asarida oilaning ajrashish jarayoni, kishilarning oilani boshqarish va mustahkamligini ta’minlashdagi xato va kamchiliklari, bu boradagi muammolar o‘tkir kulgu ostida tasvirlanadi, – deydi asar bosh qahramoni Oypopuk roli ijrochisi, Qirg‘iziston Madaniyat a’lochisi Odina Abbosova. – Komediya janridagi, lekin katta tarbiyaviy ahamiyatga ega mazkur asarimiz ishonamanki, andijonlik teatr muxlislariga albatta, manzur bo‘ladi.
O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri ijodiy safari Andijonda bir necha kun davom etadi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA