O‘rganilgan bilim amaliyotda qo‘llanilgandagina o‘z samarasini beradi
Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida viloyat hokimligi va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi hamkorligida OAV vakillari uchun “Zamonaviy o‘qituvchi – yangi O‘zbekiston tayanchi: Navoiy viloyatida pedagogik mahoratni oshirish va innovatsiyalarni joriy etish natijalari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumani avvalida ta’kidlanganidek, bugun ta’lim tizimidagi islohotlar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va zamonaviy pedagogik yondashuvlar o‘qituvchi oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Ammo bu yangilanishlarni amaliyotga tatbiq etadigan, ularni kutilgan natijaga aylantiradigan asosiy kuch esa pedagogning o‘zidir. Shu bois o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi va malakasini oshirish tizimi alohida ahamiyat kasb etadi.

– Bugun markazimizning ilmiy salohiyati 57 foizni tashkil etadi. 31 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha har oy o‘rtacha 500-530 nafar pedagog malaka oshiradi. Yil boshidan buyon qariyb 6 ming nafardan ziyod o‘qituvchining kasbiy ko‘nikmalari zamonaviy talablar asosida yangilandi, - deydi markaz rahbari O‘ktam Mardonov. - Biroq malaka oshirish samaradorligi faqat kurslarda ishtirok etgan pedagoglar soni bilan belgilanmaydi. Eng muhim mezon - o‘qituvchining orttirgan bilimini dars jarayonida qo‘llashi, o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi va ta’lim sifatidagi o‘zgarishlardir. Kurslarda o‘rganilgan bilim esa amaliyotda qo‘llanilgandagina o‘z samarasini beradi. Shuning uchun pedagoglarning kasbiy rivojlanish natijalari muntazam tahlil qilinib, monitoring olib borilmoqda.
Zamonaviy ta’limda raqamli pedagogika va sun’iy intellektdan foydalanish muhim o‘rin tutadi. “Kasbiy rivojlanish kuni” doirasida pedagoglarni raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt hamda “Kelajak soati” darslarini tashkil etishga o‘rgatishga e’tibor qaratilmoqda.

Biroq texnologiyaning o‘zi ta’lim sifatini kafolatlamaydi. O‘qituvchi axborotni tahlil qilish, manbalarni farqlash va texnologiyadan maqsadli foydalanishni ham bilishi zarur. Zero, bolaning qalbiga yo‘l topish, unda ishonch uyg‘otish va mustaqil fikrlashga undash pedagogning mahoratiga bog‘liq.
Markaz tomonidan olis hududlardagi maktablarga amaliy ko‘mak berish maqsadida “masterlar korpusi” tashkil etilib, yosh mutaxassislarga ustozlik qilish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik doirasida PISA, PIRLS va TIMSS dasturlari asosida 28 ta amaliy seminar o‘tkazilgan. STEM/STEAM yo‘nalishidagi 786 nafar o‘qituvchining ilg‘or metodikalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish ishlari olib borilgan.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri