Ta’lim massalarida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan turli ommaviy sport musobaqalari, mashg‘ulotlar yoshlarning kundalik hayoti zavq va shavqqa to‘la bo‘lishini ta’minlaydi.
Bugun, 13 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyi”da umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” 2025 yilgi mavsumi boshlanishi bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikramov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbir jarayonida musobaqalarga bir vaqtning o‘zida onlayn formatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda Besh tashabbus olimpiadasi o‘yinlariga start berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylanganligi, bu, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda, mahoratli sportchi yoshlarni aniqlashda katta ahamiyat kasb etayotganligi e’tirof etildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘yinlar davomida kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar joriy yilning sentyabr–dekabr oylari davomida 9 ta sport yo‘nalishi - quvnoq startlar, shashka, shaxmat, yengil atletika, mini-futbol, voleybol, stol tennisi, stritbol, vorkout bahslarida kuch sinashadi. Musobaqalar 3 bosqichda bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA