O‘qituvchilar uchun seminar-trening
Andijon viloyati IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tashabbusi bilan o‘quvchi yoshlarga yo‘l harakati qoidalarini samarali o‘qitish va o‘rgatish, mutaxassislarning bilim va malakalarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Marhamat va Izboskan tumanlari Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida umumta’lim maktablarining bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan seminar-treningda mazkur yo‘nalishda tumanlarda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va muammolar atroflicha tahlil qilindi.

– Seminar-treningni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yosh avlod ongida yo‘l harakati madaniyatini shakllantirish, o‘quvchilarning yo‘l harakati qoidalariga oid bilimlarini oshirishga qaratilgan, – deydi viloyat YHXB katta mutaxassisi Abdumajid Raimjonov. – Shu bilan birga, o‘quvchilarga harakati xavfsizligi qoidalarni to‘g‘ri va samarali o‘rgatish, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishdan iborat.

Seminarda mutaxassislar ishtirokchilarga yo‘l harakati qoidalarini o‘qitishning zamonaviy usullari, interaktiv yondashuvlar hamda bolalar ishtirokida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Seminar davomida ishtirokchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

F.Ubaydullayev, O‘zA.