Oqibatni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi
Hollivud filmlarida qarzlar girdobiga tushib, uy-joyidan ayrilgan, keyin esa ko‘chada qolgan odamlarni ko‘p ko‘rganmiz. Ba’zan bunday voqealarni bizdan juda olisdagi hayot manzarasi deb qabul qilamiz. Ammo hayotdagi ayrim voqealar shuni ko‘rsatadiki, huquqiy jihatdan o‘ylanmagan bir qaror, og‘zaki ishonchga berilgan bir qadam yoki moliyaviy muammoni tez hal qilish istagi insonni kutilmagan oqibatlar qarshisida qoldirishi mumkin.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yuzaga kelgan ushbu holat ham ana shunday jiddiy o‘ylanishga undaydi. Bu yerda gap faqat bir uy, bir oila yoki ikki fuqaro o‘rtasidagi nizo haqida emas. Masalaning zamirida qarz muammosi, uy-joyni tasarruf etish, notarial rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi, sud hukmi va uning ijrosi kabi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq masalalar turibdi. Eng muhimi esa — bu voqea har bir insonga huquqiy jihatdan o‘ta muhim savolni beradi: moliyaviy muammoni hal qilish uchun uy-joy bilan bog‘liq bitim tuzilayotganda, uning keyingi oqibatlari haqida yetarlicha o‘ylayapmizmi?
Besh yil avval G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro o‘z yashab turgan uyini o‘zaro kelishuv asosida 26 ming AQSH dollariga sotadi. Oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda rasmiylashtiriladi.
Biroq bitimdan keyin u mazkur uyda vaqtincha yashab turishi, olti oy ichida uy-joyni bo‘shatishi haqida kelishiladi. Oradan olti oy o‘tadi. Ammo uy egasi hali boshqa yashash joyi topilmaganini aytib, yana biroz muddat berishni so‘raydi. Keyin esa vaziyat yanada murakkablashadi — uyni bo‘shatish o‘rniga eshikni ham ochmasdan, undan chiqmasligini bildiradi. Shundan so‘ng uyni sotib olgan fuqaro o‘zining mulkiy huquqini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qiladi. Sud hujjatiga ko‘ra, javobgar fuqaro I.K. zimmasiga da’vogar S.G. nomidagi uydan o‘ziga tegishli mol-mulklari bilan chiqib ketish majburiyati yuklanadi.
Eng muhim jihati shundaki, ushbu qaror ustidan berilgan shikoyatlar ham qanoatlantirilmaydi. Ya’ni nizo sudning keyingi instansiyalarida ham ko‘rib chiqilib, qaror o‘zgarishsiz qoladi. Shundan so‘ng masala sud zalidan Majburiy ijro byurosiga o‘tadi.
Sudning qonuniy kuchga kirgan hujjati ijro uchun Majburiy ijro byurosining G‘ijduvon tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushadi. Ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdorga sud hujjatining mazmun-mohiyati tushuntiriladi va uni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun muddat beriladi. Biroq bu bilan muammo hal bo‘lmaydi. Ijro harakatlari davomida fuqaro bir necha bor ogohlantiriladi. Ammo u sud qaroridan noroziligini ro‘kach qilib, uni bajarishni paysalga solib keladi. Bu orada ikkinchi taraf ham Majburiy ijro byurosiga murojaat qilib, qonuniy kuchga kirgan sud qarorining ijrosini ta’minlashni so‘raydi.
Bu yerda bir haqiqatni alohida ta’kidlash lozim: sud qaroriga rozi bo‘lmaslik — uni bajarmaslik huquqini bermaydi. Agar shaxs sud qarorini noto‘g‘ri deb hisoblasa, qonun doirasida belgilangan tartibda yuqori instansiyalarga shikoyat qilish huquqiga ega. Ammo sudning barcha belgilangan bosqichlaridan o‘tgan qaror qonuniy kuchga kirganidan keyin uni bajarish majburiy hisoblanadi. Aks holda, adolatning o‘zi ijrosiz hujjatga aylanib qolishi mumkin.
Ijro hujjati talabini bajarmagani uchun qarzdorga nisbatan ma’muriy chora ham qo‘llaniladi. U O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198¹-moddasi 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 2 million 60 ming so‘m miqdorida jarimaga tortiladi. Shu bilan birga, unga ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham sud hujjati talabini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi tushuntiriladi. Biroq bu ogohlantirish ham natija bermaydi. Shundan so‘ng fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 232-moddasi 1-qismi bilan sud hujjatini ijro etmaslik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Surishtiruv harakatlari olib borilib, ish ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuboriladi. Bu holatda masala endi oddiy maishiy nizo doirasidan chiqib, qonun talablarini bajarish bilan bog‘liq jiddiy huquqiy jarayonga aylanadi. Surishtiruv jarayonida fuqaro o‘z holatini tushuntirib, o‘g‘li fuqarolardan katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgani, uning qamalib ketmasligi uchun yashab turgan uyini oldi-sotdi shartnomasi orqali rasmiylashtirib berganini ma’lum qiladi.
Keyinchalik esa o‘g‘li sodir etgan jinoyati uchun qamoqqa olingan. Uy sotilgan. Sud bo‘lgan. Qaror chiqarilgan. Shikoyatlar berilgan. Ammo endi oldida bitta og‘ir savol turibdi: “Men qayerda yashayman?” Fuqaro o‘zining boshqa uy-joyi yo‘qligini, oilasi bilan yashash uchun boshqa joy topa olmasligini bildirmoqda. Bu gapni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Chunki qonun talabi bir tomonda bo‘lsa, insonning taqdiri ikkinchi tomonda turibdi. Biroq har qanday holatda ham qonun ustuvorligi saqlanishi kerak. Zero, bir shaxsning muammosini hal qilish uchun boshqa shaxsning qonuniy mulkiy huquqini cheklab bo‘lmaydi.
Byuro xodimi aybdormi? Shu kabi holatlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli munosabatlar paydo bo‘lishi mumkin. Kimdir: “Keksa odamni uyidan chiqaryapti” deydi. Yana kimdir davlat ijrochilarini tanqid qiladi. Boshqa birov esa: “Uning borar joyi yo‘q-ku” deya savol qo‘yadi. Bu savollarning har biri inson nuqtai nazaridan tushunarli. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Uyni qonuniy ravishda sotib olgan fuqaroning huquqi-chi? U pul to‘lagan. Notarial shartnoma tuzgan. Sudga murojaat qilgan. Bir necha bosqichda o‘z haqligini himoya qilgan. Endi sud qarori ijrosini talab qilmoqda.
Shunday ekan, Majburiy ijro byurosi xodimlaridan sudning qonuniy kuchga kirgan qarorini ijro etishni talab qilish — ularning shaxsiy xohishi emas, balki qonun bilan yuklatilgan vazifa. Shuning uchun davlat ijrochisini sud qarori ijrosini ta’minlayotgani uchun ayblashdan avval masalaning huquqiy mohiyatini chuqur anglash zarur.
Bu voqea kimlarga saboq bo‘lishi kerak? Ushbu holatda eng katta saboq, ehtimol, hali sodir bo‘lmagan boshqa ko‘plab fojialarning oldini olishdadir. Qarz — jiddiy masala. Uy-joy esa inson hayotidagi eng muhim mulklardan biri. Shuning uchun qarzdorlikni bartaraf etish maqsadida uy-joyni sotish, boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirish, garovga qo‘yish yoki qandaydir og‘zaki kelishuvga asoslanib mulk huquqini o‘zgartirishdan oldin uning barcha huquqiy oqibatlarini chuqur o‘rganish lozim.
Bugungi kunda davlat rahbari tomonidan aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda inson qadrini ulug‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu e’tiborning mohiyati ham shunda — inson o‘z huquqini bilishi, qaror qabul qilishdan oldin uning oqibatini anglashi va muammoni qonun doirasida hal etishga intilishi kerak. Huquqiy savodxonlik ba’zan bir insonning butun taqdirini o‘zgartira oladi. Eng achinarlisi, ayrim insonlar moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan paytda tez va oson yechim izlaydi. “Hozircha shu ishni qilib turay, keyin nima bo‘lsa bo‘lar” degan fikr bilan uyini garovga qo‘yadi. “Ishonchli odam-ku” deb mulkini boshqa birovning nomiga rasmiylashtiradi. “Keyin yana qaytarib olaman” deb bitim tuzadi. Ammo qonun “keyin” degan tushunchani emas, rasmiylashtirilgan hujjatni tan oladi.
Shuning uchun har qanday oldi-sotdi yoki mulkiy bitimni imzolashdan oldin uning har bir bandini tushunish, zarur bo‘lsa, malakali huquqshunosdan maslahat olish, o‘z huquq va majburiyatlarini aniq bilish nihoyatda muhim. Bir imzo ba’zan bir necha yillik taqdirni belgilab qo‘yishi mumkin.
G‘ijduvondagi ushbu voqea hali yakuniga yetmagan huquqiy jarayonning bir ko‘rinishi. Sudning yakuniy qarorlari va ijro jarayonlariga huquqiy baho berish tegishli vakolatli organlar zimmasida. Ammo voqeadan chiqariladigan saboq bugundan aniq. Uy-joy — oddiy mulk emas. U insonning boshpanasi, oilasining osoyishtaligi, farzandlarining xotirjamligi. Shu bois yurtdoshlarimizga bir oddiy, ammo juda muhim tavsiyani yana bir bor eslatish joiz: Qarz muammosini hal qilish uchun uy-joyingizni o‘ylamasdan garovga qo‘ymang. Mulkingizni boshqa shaxs nomiga shoshma-shosharlik bilan rasmiylashtirmang. Har qanday bitimning huquqiy oqibatini avval o‘rganing. Yo‘qsa, pushaymon bo‘lishingiz hech gap emas.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri