To‘ylar, albatta, yaxshi niyatda qilinadi. To‘ydan keyin o‘g‘il uylantirilgan xonadon fayzga to‘ladi.
Biroq, hayot bir tekis emas. Turmush qurayotgan yigit va qizlarning hammasi ham bir-birini tushunib, baxtli yashab ketavermaydi.
Mabodo o‘rtada ajrim bo‘lsa, ko‘pincha kelin tomon qizining shaxsiy mulki bo‘lgan buyumlarini kuyov tomondan qaytarib olishga qiynaladi.
Bu esa bir oilaga nafaqat ruhiy, balki moddiy jihatdan ham zarba beradi. Qonunlar esa shaxsning barcha huquqlarini himoya qiladi.
Majburiy ijro byurosiga kelib tushgan sud hujjatida fuqaro L.P. turmushidan ajrashganidan so‘ng kelin bo‘lib borgan uyidan 35 turdagi shaxsiy mol-mulkini qaytarib ololmagani aks etgan. Sud qarorida esa uning barcha mulklarini olib berish ko‘rsatilgan.
Davlat ijrochisi ushbu ijro hujjati asosida ishga kirishib, qarzdor bilan muzokaralar olib bordi. Zarur ijro harakatlari amalga oshirildi. Xolislar ishtirokida hujjatda ko‘rsatilgan barcha mol-mulk xatlovdan o‘tkazilib, undiruvchiga qaytarib berildi.
MIB xodimlarining tezkor va qonuniy harakatlari natijasida fuqaro o‘z qonuniy mulkini to‘liq qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Kelinlar bilan bog‘liq yana shunday holatlar borki, ajrimdan keyin ularni uyga kiritmaslikka harakat qilinadi. Vaholanki, ko‘p hollarda ular shu xonadonga kelib farzandlar ko‘rgan bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra, uy-joy mulkdorining oila a’zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashovchi shaxslar, agar ko‘chirib keltirilgan paytda boshqa hol yozma ravishda qayd etilmagan bo‘lsa, uydagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanish huquqiga ega.
Shuningdek, ular mulkdor tomonidan berilgan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritish huquqiga ham ega. Agar bunday shaxslar uy-joy mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularning turar joydan foydalanish huquqi saqlanadi.
Majburiy ijro byurosi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan yosh onalarni avval yashab kelgan uyiga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq ijro hujjatlari amaliyotda ko‘p uchraydi.
Jizzaxlik fuqaro S.J.ni uyga majburiy tartibda kiritish haqidagi ijro hujjati davlat ijrochisi tomonidan mahalla raisi va mas’ul xodimlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Fuqaro S.J.ning sud qarorida ko‘rsatilgan uyga kiritilishi ta’minlandi.
Sud qarori asosida, qolaversa, majburiy ijro byurosi xodimlari sa’y-harakatlari bilan shaxslarning, xususan, kelinlarning buzilgan huquqlari tiklanmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA