Frod orqali rasmiylashtirilgan onlayn kreditlar «umidsiz» aktiv sifatida tasniflanadi
O‘z nomiga firibgarlik yo‘li bilan onlayn kredit rasmiylashtirilgan va jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan fuqarolar uchun yangi tartib belgilanmoqda. Endi bunday kreditlar bank tomonidan «umidsiz» aktiv sifatida tasniflanadi, 100 foiz miqdorida zaxira shakllantiriladi hamda jabrlanuvchidan kredit va u bilan bog‘liq to‘lovlarni undirish to‘xtatiladi.
Bu tartib bank aktivlarining sifatini baholash va ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplashga doir yangi qoidalarda belgilandi. Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 10-sentabrda 3937-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yangi Nizom Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 14-avgustdagi 22/3-son qarori bilan tasdiqlangan.
Yangi Nizomga ko‘ra, bank aktivlari sifatiga qarab standart, substandart, qoniqarsiz, shubhali va umidsiz toifalarga ajratiladi. Tasnif aktiv bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni baholash va ularni qoplash uchun bank tomonidan zarur zaxira shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
«Umidsiz» toifa eng yuqori xavf darajasini anglatadi. Yangi qoidalarda bunday aktivlar bo‘yicha 100 foizlik zaxira shakllantirilishi belgilangan. Eng e’tiborli yangiliklardan biri — frod natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan shaxs jabrlanuvchi deb rasman e’tirof etilsa, ushbu kredit ham «umidsiz» aktiv sifatida tasniflanadi. Buning uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning jabrlanuvchi deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qarori yoki sud ajrimi bankka kelib tushishi kerak.
Yangi tartibning eng muhim jihati — jabrlanuvchi maqomi rasmiy tasdiqlanganidan keyin bank onlayn kreditning o‘zi va u bilan bog‘liq foiz, neustoyka hamda jarimalarni hisoblashni va ularni jabrlanuvchidan undirishni to‘xtatadi.
Bundan tashqari, bunday kreditlar balansdan tashqari hisobvaraqqa o‘tkaziladi. Bu holat fuqaroning nomi bilan rasmiylashtirilgan qarz bankning oddiy muammoli kredit portfelida avvalgi tartibda yuritilmasligini anglatadi.
Yana bir muhim jihat: frod holati natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan va jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan shaxsga odatda «umidsiz» aktivlar bo‘yicha yuboriladigan har oylik da’vo xati ham yuborilmaydi.
Bu yerda muhim huquqiy va iqtisodiy farq bor. Kreditning «umidsiz» aktiv sifatida tasniflanishi fuqaroning qarzi avtomatik ravishda kechirildi yoki kredit shartnomasi bekor qilindi, degani emas. Ushbu tasnif, avvalo, bankning buxgalteriya va risklarni boshqarish tizimiga taalluqli. Ya’ni bank ehtimoliy yo‘qotishni oldindan hisobga oladi va buning uchun 100 foizlik maxsus zaxira shakllantiradi.
Nizomda frod holati bo‘yicha muhim «qayta ko‘rib chiqish» mexanizmi ham nazarda tutilgan: agar surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud natijasida aslida frod holati yuz bermagani aniqlansa, kreditning sifati Nizom talablariga muvofiq yana yaxshiroq toifaga o‘zgartirilishi mumkin.
Yangi tartib banklar uchun ham muhim moliyaviy oqibatlarga ega. Chunki «umidsiz» deb tasniflangan aktiv bo‘yicha 100 foiz zaxira shakllantiriladi. Bu esa bank xarajatlarining oshishi va kredit bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishning moliyaviy natijalarga ta’sirini oldindan hisobga olishni anglatadi.
Yangi Nizomda zaxira me’yorlari aktiv sifatiga qarab differensiatsiya qilingan. Markaziy bank talablariga muvofiq, tijorat banklari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida aktivlar sifatiga qarab majburiy zaxiralar shakllantiradi. Xususan, standart aktivlar bo‘yicha zaxira me’yori 1 foizni tashkil etsa, substandart aktivlar uchun 10 foiz miqdorida ajratma ajratiladi. Qoniqarsiz deb topilgan aktivlarga 25 foiz, shubhali aktivlarga 50 foiz va umidsiz (qaytarish ehtimoli juda past) deb baholangan aktivlar bo‘yicha 100 foiz miqdorida zaxira zaxiralanadi.
Demak, bank uchun aktiv «umidsiz» toifaga o‘tishi kredit bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishni to‘liq qoplash uchun zaxira ajratish majburiyatini yuzaga keltiradi.
Ushbu hujjat 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA