Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda 2024 yilda va joriy yilning shu davriga qadar Sirdaryo viloyatida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida olib borilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama etildi.
Prezidentning 2023 yil 8 sentyabrdagi “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida Yangiyer shahri, Sirdaryo va Oqoltin tumanlarida bolalar uchun 70 ta qo‘shimcha o‘rin tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar bajarilmaganligi tanqid qilindi.
Shuningdek, 2024 yilda reproduktiv yoshdagi 19033 nafar ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani, shundan 5121 nafar homilador ayol uchun ultratovush va skrining tekshiruvi amalga oshirilmagani aniqlangan. Viloyat hokimi mas’ullarga buning sabablarini aniqlash va ushbu muammolarni bartaraf etishni topshirdi.
Viloyat rahbari onalar va bolalar o‘limi masalasiga ham e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, rejali skrining va targ‘ibot ishlari yetarlicha amalga oshirilmayotgani sababli 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 2023 yilga nisbatan 2024 yilda Guliston va Shirin shaharlarida, Sayxunobod, Mirzaobod, Sirdaryo va Sardoba tumanlarida oshgan. Viloyat hokimi ushbu hududlarda olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinishi kerakligini ta’kidladi.
[gallery-22206]
Muhokamada ayrim tibbiyot muassasalarida kuzatilgan go‘daklar o‘limi holatlarini yashirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilmasligi va bu holatlarga o‘z vaqtida huquqiy baho berilmasligi masalasi ham ko‘tarildi. Bu juda muhim, chunki o‘z vaqtida muhokama qilinmagan va tergovga olinmagan holatlar kelajakda oilaviy va ijtimoiy muammolarga olib kelishi mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5vZ8GffN4xA" title="Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish masalasi tanqidiy tahlil qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yig‘ilishda viloyat hokimligida ishchi guruhi tuzilib, joylardagi holatlarni birma-bir o‘rganish va haftalik muhokamalarni muntazam ravishda yo‘lga qo‘yishga qaror qilindi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari