Ona suti — ona va bola salomatligi garovi
Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-sentabrdagi 636-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash dasturi” bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjat ijrosi doirasida joylarda amaliy ishlar izchil yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jizzax viloyati Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan “Ona suti — ona va bola salomatligining garovi” mavzusidagi seminar ana shunday sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Unda soha mutaxassislari, doya va patronaj hamshiralar, yosh onalar ishtirok etib, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ona suti bu shunchaki ozuqa emas, balki hayot manbai, tabiat in’om etgan eng mukammal ne’matdir. U chaqaloq organizmiga to‘liq moslashgan bo‘lib, uning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur barcha ozuqa moddalarini o‘z ichiga oladi. Eng muhimi, ona suti bolaning immun tizimini mustahkamlab, uni turli yuqumli va allergik kasalliklardan ishonchli himoya qiladi.

— Ona sutining o‘rnini hech qanday sun’iy ozuqa bosa olmaydi, — deydi Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Bog‘zor” filiali doya-patronaji Intizor Mahkamova. — Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ona suti bilan boqilgan bolalar nafaqat jismonan baquvvat, balki ruhan barqaror bo‘lib voyaga yetadi. Shu bois har bir ona tug‘ilgan zahotiyoq, ilk 30 daqiqa ichida bolasini emizishni boshlashi nihoyatda muhim.
Mutaxassis ta’kidlaganidek, ona suti nafaqat bola, balki ona salomatligi uchun ham beqiyos ahamiyatga ega. Emizish jarayoni ayol organizmini tiklashga xizmat qiladi, qator kasalliklar xavfini kamaytiradi va tabiiy ravishda keyingi homiladorlikni rejalashtirish imkonini beradi.

Shu nuqtai nazardan, qaror ijrosida tug‘ruqlar orasidagi intervalni to‘g‘ri saqlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki ona organizmining to‘liq tiklanishi va sog‘lom farzand dunyoga kelishi ko‘p jihatdan ana shu omilga bog‘liq. Mutaxassislar kamida 2–3 yillik tanaffusni tavsiya etadilar. Bu vaqt davomida ona organizmi mustahkamlanib, keyingi homiladorlikka tayyor holga keladi.
— Qisqa vaqt ichida takroriy homiladorlik ayol salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, — deya davom etadi Intizor Mahkamova. — Kamqonlik, jismoniy zaiflik, turli asoratlar xavfi ortadi. Shuning uchun biz patronaj xizmati orqali har bir xonadonga kirib, onalarga bu haqda izchil tushuntirish ishlarini olib boramiz.
Seminarda yana bir muhim masala — yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydigan sarg‘ayish holatlari haqida ham fikr almashildi. Ta’kidlanishicha, bu holat ko‘pincha fiziologik jarayon bo‘lib, bola organizmining moslashuv bosqichi bilan bog‘liq. Biroq ayrim hollarda u jiddiy kasallik belgisi ham bo‘lishi mumkin.

— Eng muhimi, ona bolasini tez-tez va to‘g‘ri emizishi kerak, — deydi mutaxassis. — Chunki ona suti bilirubin miqdorini tabiiy ravishda kamaytirishga yordam beradi. Agar sarg‘ayish uzoq davom etsa yoki bolaning umumiy ahvolida o‘zgarish kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish zarur.
Bugungi kunda joylarda olib borilayotgan bunday targ‘ibot ishlari, ayniqsa, yosh onalarning tibbiy madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, sog‘lom bola — sog‘lom oila, sog‘lom oila esa mustahkam jamiyat poydevoridir.
Qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa aynan shu ezgu maqsadga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Ona sutini targ‘ib qilish, to‘g‘ri emizish ko‘nikmalarini shakllantirish, tug‘ruqlar orasidagi intervalni saqlashga doir tushunchalarni keng yoyish orqali kelajak avlod salomatligiga mustahkam zamin yaratilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri