Ona suti bilan go‘dak sog‘lom kamol topadi
Yaratgan tomonidan dunyoga kelgan go‘dak uchun ato etilgan ona suti – eng mukammal ozuqa hisoblanib, kelgusida farzandlarning onasiga bo‘lgan mehrini yuksalishida muhim o‘rin ham tutadi.
Har yili avgust oyida “Jahon ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligi” nishonlanadi. Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filialida o‘tkazilgan tadbirda farzandlarni ona suti bilan oziqlantirishning afzalliklari to‘g‘risida so‘z bordi.


1991 yilda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda “YUNISEF” jamg‘armasi hamkorligida “Bolaga do‘stona munosabat” tashabbusi xalqaro miqyosda joriy etildi. “Muvaffaqiyat bilan emizish tomon 10 qadam” amaliyotini tatbiq qilish orqali chaqaloqni ona suti bilan ulg‘aytirishni qo‘llab-quvvatlash, emizikli va homilador ayollar parvarishiga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan ushbu xayrli harakat yurtimizda ham amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni homilador ayollar, emizikli onalar, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ona suti bilan oziqlantirishga bo‘lgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilib kelmoqda.

– Ona suti bilan oziqlangan chaqaloqlarda ko‘rish hamda immunitet tizimi sun’iy aralashmalar bilan oziqlangan bolalarga qaraganda tezroq rivojlanishi ma’lum, – deydi targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filiali direktori Rayhona Daminova. – Tadqiqotchilar bolani ona suti bilan boqish nafaqat uning sog‘ligiga balki uning aqliy qobiliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, degan xulosaga kelishgan. Darhaqiqat, ona suti orqali bolaga onadan immunitet o‘tadi va o‘zining shaxsiy immuniteti shakllanguncha bolani tashqi muhit xavf-xatarlardan asraydi.

Aytishlaricha, ona suti bilan oziqlantirish orqali har yili jahon bo‘yicha 20 ming ayolni ko‘krak saratoni va tuxumdon saratoni xastaligidan asrab qolinadi. Afsuski, ayrim yosh onalar farzandlarini emizishdan ko‘ra, sun’iy ovqatlar berishni afzal ko‘rishadi. Hech bir ozuqa ona sutini o‘rnini bosa olmaydi. Shu bilan birga, ona sutining harorati bilan bola haroratining mos kelishi bolada yomon holatlarni keltirib chiqarmaydi va sutni emgan sari ona bilan bola o‘rtasida mehr kundan kunga ortib boradi.

Mamlakatimizda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash sohasidagi davlat dasturlari ishlab chiqilib, uni amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda. Ayni shunga asosan Namangan viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalari jamoalari daxldor tashkilotlar hamkorligida chaqaloqlarni ona suti bilan oziqlantirish afzalliklarini aholi o‘rtasida tushuntirish tadbirlarini keng ko‘lamda olib bormoqda.
Soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi tadbirda mavzuga oid videorolik ham namoyish etildi. O‘zaro savol-javoblarda o‘rtaga tashlangan muammolar yechimlari yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalar bildirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.