Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM tomonidan bir yillik faoliyat sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida Markazga jami 341 ta buyurtma kelib tushgan. Shundan 149 tasining ijrosi ta’minlangan. Bugungi kunda 186 ta buyurtma bo‘yicha akkreditatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
—Joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida jami 80 ta organ akkreditatsiyadan o‘tkazildi, — deydi “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM direktori Ansabxon Zokirov. – Bugungi kunda jami 565 ta organ akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Hisobot davrida 389 ta organda davriy baholash o‘tkazilib, natijada 72 tasida akkreditatsiya guvohnomasining amal qilishi to‘xtatilgan, 297 ta akkreditatsiya guvohnomasining amal qilish muddati tasdiqlangan, 8 tasi qaror qabul qilish jarayonida, 9 ta organ akkreditatsiya doirasi buzilishi natijasida hamda 3 ta organ o‘z xohishiga ko‘ra tugatilgan.
[gallery-21007]
Shu jumladan, mahsulotlarni sertifikatlashtirish organlarining 70 tasida davriy baholash o‘tkazilib, 11 tasining akkreditatsiya guvohnomasi to‘xtatildi, 55 tasi tasdiqlandi.
Joriy yilda “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM bir necha standartlar bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olindi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, O‘zbekiston akkreditatsiya markazi IAF MLA ko‘p tomonlama akkreditatsiya natijalarini tan olish Bitimi doirasida xozirgi kunda ISO/IEC 27001 “Axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik va mahfiylikni himoya qilish. Axborot xavfsizligini boshqarish tizimlari, talablar” hamda ISO 13485 “Tibbiy mahsulotlar, sifatni boshqarish tizimlari. Tartibga solish bo‘yicha talablar” xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish faoliyatlarini tan olishga erishdi.
O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro miqyosda tan olingan sohalari jami 10 taga yetgan.
Matbuot anjumanida Markaz tomonidan kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA