Xabaringiz bor, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan murojaatlar bilan ishlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari haqida ma’lumot berildi.
Mehmonlar Ombudsmanning Xalqaro hamkorlik hamda jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha faoliyati bilan tanishdi. Xususan, Ombudsman BMTning tegishli qo‘mitalariga xalqaro Konvensiyalar ijrosi bo‘yicha muqobil ma’ruzalar kiritib borishi va 2023 yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada kuchaytirilishi ta’kidlandi.
F.Eshmatova konstitutsiyaviy islohotlarga to‘xtalar ekan, loyihada Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqining berilishi nazarda tutilgani, bu esa fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida qonun hujjatlarida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qilishini qayd etdi.
O‘zaro muloqot davomida O‘zbekiston hamda BMT va uning tuzilmalari o‘rtasida inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv konstruktiv muloqot hamda do‘stona ruhda o‘tdi.
O‘zA