Samarqandlik fuqaro X.Sh. Pastdarg‘om tumani hokimligi moliya bo‘limida yuristkonsult lavozimida ishlagan.
Moliya vazirining moliya bo‘limlaridagi yuristkonsult shtat birliklarini qisqartirishga oid buyrug‘iga asosan 2020 yilning 6 oktyabr kuni X.Sh. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Oradan bir oy o‘tgach esa Moliya vazirining yuqoridagi buyrug‘iga o‘zgartirish kiritilib, tuman (shahar) moliya bo‘limi yuristkonsult xodimlari ishga qayta tiklangan.
X.Sh. esa ishga tiklanmagan. Shundan so‘ng Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilib, huquqini tiklashda yordam so‘ragan.
Ombudsman fuqaroni ishga tiklash bo‘yicha Moliya vazirligiga taqdimnoma kiritganidan so‘ng u qayta ishga tiklanib, unga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 1,5 million so‘m hamda majburiy progul uchun 7 million so‘mdan ortiq kompensatsiya puli to‘langan.
Mehnat huquqi bilan bog‘liq bunday shikoyatlar Ombudsmanga kelayotgan murojaatlarning asosiy qismini tashkil etmoqda. 2020 yilda ushbu yo‘nalishda mingdan ortiq murojaat tushgan.
Ombudsman matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, murojaatlar bo‘yicha davlat organlari va idoralarga Vakil xulosasi va taqdimnomalar kiritilgan.
Natijada 439 million so‘mga yaqin oylik ish haqi undirildi. Asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan 13 nafar fuqaro ish joyiga qayta tiklandi. 12 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 14 nafar bolali oilaga 31 million so‘mdan ortiq nafaqa yoki moddiy yordam puli tayinlandi, 5 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi, vasiylari, homiylari bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi taqiqlangan.
Mehnat kodeksining 111-moddasida ham “Mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan hollarda, u ish beruvchining o‘zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi lozim”, deb belgilab qo‘yilgan.
Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan xodimlar, buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, kasaba uyushmasiga, Bosh prokuraturaga, sudga, qolaversa, parlament va Ombudsmanga murojaat qilish huquqiga ega.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) barcha davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlarini o‘z xodimlarning huquq va manfaatlarini hurmat qilishga, Mehnat kodeksi bilan ish beruvchiga yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq bajarishga chaqirishini ma’lum qildi.
N.Abduraimova, O‘zA