«Oltin minbar»dan maxsus mukofot
2026-yil 4–8-sentabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan XXII Qozon xalqaro «Oltin Minbar» kinofestivalida O‘zbekiston va Tatariston Respublikasi kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan «Shahobiddin Marjoniy» badiiy filmi festivalning «Kino san’atidagi ma’naviyat uchun» nomli maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Mazkur e’tirof O‘zbekiston va Tatariston kinoijodkorlari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikning samarasi, shuningdek, tarixiy shaxslar hayoti va ma’naviy merosini ekran orqali keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ahamiyatlidir.
«Shahobiddin Marjoniy» filmi XIX asrda yashab ijod qilgan buyuk tatar ma’rifatparvari, islom olimi va jamoat arbobi Shahobiddin Marjoniyning hayoti, ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda ma’naviy merosiga bag‘ishlangan. Filmda Marjoniy shaxsining o‘z davridagi ilm-fan, ma’rifat va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni badiiy vositalar orqali yoritiladi.
Filmni O‘zbekiston va Tatariston Respublikasining tajribali kinoijodkorlari hamkorlikda yaratgan. Uning rejissyorlari — Ilhom Muhammadibragimov va Ramil Tuxvatullin. Bosh rolni Bulat Gataullin ijro etgan. Film operatori — Umid Malikov, prodyuseri — Abdurauf Jo‘rayev.
«Oltin Minbar» kinofestivalida filmning «Kino san’atidagi ma’naviyat uchun» maxsus mukofotiga sazovor bo‘lishi asarning nafaqat badiiy jihatdan, balki ma’naviy-ma’rifiy mazmuni bilan ham xalqaro kino jamoatchiligi e’tiborini qozonganini ko‘rsatadi.
Aytish kerakki, «Shahobiddin Marjoniy» filmining mazkur nufuzli kinofestivalda e’tirof etilishi ikki xalq kinoijodkorlari o‘rtasidagi madaniy va ijodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA