Poytaxtimizda Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan Milliy kinematografiyani rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi kabi tashkilotlar bilan birgalikda "Oltin humo" milliy kinotaqdimoti g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida milliy kino san’atini yanada rivojlantirishning yangi istiqbollari belgilab berildi.

Bir necha yillardan buyon o‘tkazilayotgan "Oltin humo" kinotaqdimoti milliy kinematografiya sohasidagi faol ijodkorlarni rag‘batlantirish, eng yaxshi filmlarni aniqlashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda.
Tantanali tadbirda ko‘plab nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va taqdirlandi. Masalan, o‘zbek kinematografiyasiga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin humo” maxsus mukofoti O‘zbekiston xalq artisti, dublyaj san’ati ustasi Mukambar Rahimovaga topshirildi. "Eng yaxshi hujjatli film" nominatsiyasida "Umar Kamoliddin Sayyid Shamsiddin” hujjatli filmi g‘olib bo‘ldi.

"Eng yaxshi animatsion film" nominatsiyasida O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazida rejissyor Odilxo‘ja Mahamadov tomonidan yaratilgan “II renessans, Amir Temur” multfilmi g‘olib bo‘ldi. “Eng yaxshi kompyuter grafikasi” nominatsiyasida “Quyosh ta’mi” filmidagi ishi uchun Vitaliy Borodkin g‘olib deb topildi.
“Eng yaxshi ovoz rejissyori” nominatsiyasida g‘oliblik Komil Tursunboyev “Doktor Abdullayev” filmi uchun nasib etdi. “Eng yaxshi montaj ishi” nominatsiyasida “Evrilish” filmidagi ishi uchun Xurshid Alixo‘jayev, ”Eng yaxshi grim rassom” nominatsiyasida “O‘zbek qizi” badiiy filmidagi ishi uchun Galina Ivanova, “Eng yaxshi libos bo‘yicha rassom ishi” nominatsiyasida “Abdulla Oripov” filmidagi ishi uchun Nigora Po‘latova g‘olib bo‘ldi.

“Eng yaxshi rassom ishi” nominatsiyasida Akmal Saidov “O‘zbek qizi” filmidagi ishi uchun, “Eng yaxshi kino bastakori” nominatsiyasida “Puankare” filmidagi ishi uchun Qosim Muinzoda, “Eng yaxshi operatorlik ishi” nominatsiyasida “Evrilish” filmidagi ishi uchun Rustam Murodov, Jamshid G‘aniyev, “Eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasida “Yakshanba” filmi uchun rejissyor Shokir Holiqov, “Eng yaxshi ayol” nominatsiyasida “Sudya” filmidagi roli uchun Shodiya Abduqodirova, “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida “Doktor Abdullayev” filmidagi roli uchun Rustam Karimov g‘olib deb topildi.

Shuningdek, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasida rejissyor Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmi, “Tomoshabin mehrini qozongan film” nominatsiyasida Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasida rejissyor Muzaffarxon Erkinov tomonidan tasvirga olingan “Abdulla Oripov” filmi, “Yilning eng yaxshi filmi” nominatsiyasida "SINEMA OF CENTRAL ASIA" kinostudiyasida rejissyor Akbar Bekturdiyev tomonidan ishlangan “O‘zbek qizi” filmi g‘olib bo‘ldi.
G‘oliblar taqdirlandi. Badiiy-musiqiy dastur tantanaga yanada fayz bag‘ishladi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri