Olimlar paxta sanoatiga qanday yechim taklif qilmoqda?(+video)
Paxta — mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan tarmoqlardan biri.
Uni yetishtirish bilan bir qatorda, sifatli qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarishda mahalliy imkoniyatlardan samarali foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, paxtani qayta ishlashda qo‘llaniladigan mashina va detallarni mahalliylashtirish orqali nafaqat importga qaramlikni kamaytirish, balki ish unumdorligini oshirish imkoni ham yaratiladi.
Bugun sohada ana shu maqsadlarga qaratilgan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamlik instituti olimlari paxtani qayta ishlash mashinalarini takomillashtirish, ularning muhim detallarini mahalliy xom ashyo asosida ishlab chiqarish va sohada samaradorlikni oshirish ustida ishlamoqda.
Mazkur institutning «Paxtani qayta ishlash mashinalari va tizimlari dinamikasi» laboratoriyasi yetakchi ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori Hamidilla Ahmedovning ta’kidlashicha, laboratoriyaning asosiy ilmiy yo‘nalishlaridan biri paxtani qayta ishlash korxonalaridagi mashinalarni takomillashtirish va ularning muhim qismlarini mahalliy resurslar asosida ishlab chiqishdan iborat.
Olimning aytishicha, uning ilmiy tadqiqotlari paxta tozalash korxonalarida asosiy vazifani bajaruvchi tola ajratkich mashinalarni takomillashtirishga qaratilgan. Bunda bugungi kunda yetishtirilayotgan paxta navlarining xususiyatlari inobatga olinib, mashinaning muhim detallarini yanada samarali ishlaydigan holatga keltirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.
— Paxta tolasini chigitdan ajratish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim detallarni mahalliy xom ashyo va texnologiyalar asosida ishlab chiqarish maqsad qilingan. Bu orqali import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni yaratish ko‘zda tutilmoqda, — deydi H. Ahmedov. — Ushbu yo‘nalishda bir qator patentlar olingan va ular asosida tayyorlangan dastlabki namunalar Toshkent, Namangan va Samarqand viloyatlaridagi paxta tozalash korxonalarida sinovdan o‘tkazilgan. Sinov natijalari ham samaradorlik yuqori ekanini ko‘rsatgan. Xususan, takomillashtirilgan detallardan foydalanish natijasida mashinalarning ish unumdorligi ikki barobarga oshgan, elektr energiyasi sarfi 7 foizga kamaygan. Shuningdek, tola bo‘yicha ishlab chiqarish unumdorligi 12 foizga oshgan.
Mutaxassisning fikricha, tolani chigitdan sifatli ajratib olish nafaqat paxta tozalash korxonasi, balki keyingi ishlab chiqarish jarayonlari uchun ham muhim. Chunki sifatli tola to‘qimachilik korxonalariga, sifatli chigit esa yog‘-moy sanoatiga yetkazib beriladi.
Ayni paytda mamlakatimizdagi yuzdan ortiq paxta tozalash korxonalarida zarur detallarning katta qismi xorijdan import qilinayotgani qayd etilmoqda. Olimlar esa ana shu ehtiyojni mahalliy ishlanmalar asosida qoplash, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va sohada milliy texnologik yechimlarni keng joriy etish ustida ish olib bormoqda.
N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
S.Obidjonov (montaj), O‘zA