Sudga ajrim uchun ariza topshirayotgan er-xotinning tanlagan qarori ularning o‘ziga ham, jamiyatga ham, oiladagi farzandining taqdiriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aslida oilaviy ajrimlar masalasi bugun yoki kechaning muammosi emas.
Xo‘sh, oilaviy ajrimlarning asosiy sababi nimada?
—Bu borada doimiy tahlillar olib boriladi, — deydi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Zarifa Iskandarova. — Joriy yil 10 oyi davomida yangi rasmiylashtirilgan nikohlar soni 202 ming 568 ta bo‘lib, shundan 211 tasi yaqin qarindoshlar o‘rtasida qayd etilgan. O‘tgan oylar davomida 42 mingga yaqin oilaviy ajrim qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning shu davriga nisbatan 3 foizga ortgan. Bilasizmi, o‘rganishlardan xulosa sifatida aytib o‘tish lozimki, ajrimlar asosan 30 yoshgacha bo‘lgan er-xotinlar oilasida sodir bo‘lmoqda.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, nikohlanuvchilarning aksariyati oila qurishga tayyor emas. Shu borada mavjud muammolarning oldini olish maqsadida barcha shahar va tumanlarda Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyati takomillashtirildi. 10 oy davomida 67 ming 237 nafar nikohlanuvchi shaxslar ushbu markazlarda o‘qitildi.

Shuningdek, nikohdan ajralish sabablari o‘rganilib, tahlil etilganda farzandsizlik 12,3 foiz, uchinchi shaxs aralashuvi 15 foiz, uzoq vaqt bir oila bo‘lib yashamaganlik 12,2 foiz, moliyaviy va moddiy qiyinchiliklar 5,9 foiz, xiyonat 2,7 foiz, spirtli ichimlik va giyohvand moddalar iste’moli 2,6 foiz, ommaviy yoki xorijiy madaniyatning salbiy ta’siri 2,1 foiz, tazyiq va zo‘ravonlik 1,5 foiz va boshqa sabablar 26,9 foizni tashkil etgan.
Oilalarda 1,9 foiz holatda chet elga chiqish maqsadida va 5 foiz holatda imtiyozli uy olish maqsadida ham ajrimlar amalga oshirilgan.
Oilaviy ajrim ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (-59), Samarqand (-285), Qashqadaryo (-68), Buxoro (-95), Toshkent (-198), Sirdaryo viloyatlarida (-134) kamaygan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari Farg‘ona viloyatida 10,2 foizga yoki 456 ta (4 901), Andijon viloyatida 14,9 foizga yoki 612 ta (4 695), Xorazm viloyatida 7,4 foizga yoki 330 ta (2 030), Toshkent shahrida 5,2 foizga 255 ta (5 130) qayd etilgan.
2023 yil davomida 24 ming 193 nafar ajrim yoqasiga kelib qolgan oiladan 20 ming 265 nafari yarashtirilishiga erishilgan. “Nizoli oilalar bilan individual ishlash daftari” ishlab chiqilgan bo‘lib, unda nizoli oilalarga individual yondashish yo‘l-yo‘riqlari belgilangan va bu daftarga nizoli oilalar kiritilib, tegishlicha mutaxassislar tomonidan yakka tartibda ish olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA