Jizzax viloyati sudlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonuniga asosan fuqaroviy-huquqiy, shu jumladan, oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga nisbatan mediatsiya kelishuvini qo‘llash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun haqida fikr yuritishdan avval “mediatsiya” so‘zining lug‘aviy ma’nosiga to‘xtalish joiz. Vositachilik ma’nosini anglatuvchi bu atama lotincha “mediare” so‘zidan olingan bo‘lib, jahonning ko‘plab davlatlarida yuz bergan katta-kichik nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishning eng maqbul usuli sifatida tan olib kelinmoqda.
Mamlakatimiz sudlarida, jumladan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi binosida “Mediatsiya” xonasi va sud majlisiga kelgan tomonlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun “Ona va bola” xonasi ham tashkil etilgan.

Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug‘ilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi va u bilan bog‘liq mojarolar, ayrim xonadonlardagi mavjud notinch ma’naviy-ruhiy muhit natijasida sodir bo‘layotgan nikohdan ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masaladir.
Joriy yilning 9 oyi mobaynida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi tomonidan 10 ta nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha taraflar yarashtirib qo‘yildi. Bu esa o‘z navbatida 17 nafar voyaga yetmagan farzandning o‘z ota-onasi bag‘rida ulg‘ayib, mehrga zor bo‘lmasligiga, tirik yetim bo‘lib qolmasligiga, shuningdek, er-xotin o‘rtasidagi boshqa turdagi oilaviy nizolarni hamda ular o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli nohush oqibatlarning oldi olinishiga erishilganidan va bu bilan juda katta xayrli va savob ish amalga oshirilganidan dalolat beradi.

E’tiborli jihati shundaki, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan oilalarni yarashtirishda mediator, oila va xotin-qizlar bo‘limi mas’ul xodimi, psixolog, tuman imom xatibi va boshqalar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida bolalar nizosi va boshqa toifa bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlarda sudga keluvchi shaxslarning 50 nafardan ortig‘ining bolalari sud majlisi tugashiga qadar “Ona va bola” kutish xonasida xavfsiz sharoitda bo‘lib turgan.
Bundan ko‘rinadiki, ushbu qonun jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan fuqarolik, mehnatga oid va iqtisodiy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish hamda taraflarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi.
A.Shukurov, Jizzax viloyat sudi raisi.
O‘zA