Mustahkam oila – jamiyat tayanchi
Navoiy viloyati Zarafshon shahri hokimligida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, sudlarga murojaat qilish tartibi, oilaviy ajrimlarning oldini olish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, aholi o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga bag‘ishlangan “Oila – jamiyat negizi” mavzusida huquqiy-targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan viloyat bo‘yicha 432 nafar yoshga nisbatan 356 ta jinoyat ishi mazmunan ko‘rib hal etilgan. Ularning 19 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan shaxs soni 55,9 foizga, ish soni esa 57,5 foizga oshgan. Ushbu davrda 91 nafar ayolga nisbatan 73 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. Ish soni 4 taga yoki 5,7 foizga, shaxs soni 18 taga yoki 24,6 foizga oshgan. Navoiy viloyat fuqarolik sudlari tomonidan esa oila nizolari bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlar soni 2779 tani tashkil etib, bu o‘tgan yilning 9 oyiga nisbatan 929 taga ko‘p degani.

Tadbirda Navoiy viloyat sudi raisi o‘rinbosari I.Kasimov, Navoiy viloyat sudi sudyasi N.Rasulov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarafshon tumanlararo sudi raisi A.Shukurov, Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.G‘ofurov ayni vaqtda oilaviy ajrimlar ko‘payib borayotgani, buning ortidan ko‘plab voyaga yetmagan yoshlar ota yoki ona mehridan bebahra qolayotgani, natijada ularning tarbiyasi, dunyoqarashi va xulqiga salbiy o‘zgarishlar yuz berayotganligi aytildi. Mazkur salbiy holatlarning oldini olish maqsadida yoshlarni oila qurishga tayyorlab, shundan so‘nggina nikoh rasmiylashtirilishi maqsadga muvofiq ekanligi, oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida sudlar va mahalla fuqarolar yig‘ini o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi haqida so‘z bordi.

– Huquqiy targ‘ibot tadbirining ta’sirchanligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan oilaviy notinchlikning oqibatlari va uning farzand tarbiyasiga salbiy ta’siri yuzasidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarafshon tumanlararo sudi raisi Anvar Shukurov. – Shuningdek, ishtirokchilarga sudlarga murojaat qilishda fuqarolarning turli ko‘rinishdagi ovoragarchiligining oldini olish maqsadida sudlarga murojaat qilish bo‘yicha namunalar to‘plami tarqatildi.
Tadbirda ishtirokchilar sudyalardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA