Oila – muqaddas dargoh
15-may – Xalqaro oila kuni
Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Farovon oila sari” shiori ostida tadbirlar, tanlovlar, muloqot va davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.
Tashkil etilayotgan tadbirlarda tuman, shahar hokimliklari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan tashkil etilayotgan ana shu kabi tadbirlarda mahallalarda ish olib borayotgan xotin-qizlar faollari, “Oqila ayol” harakati a’zolari, otinoyilar, ibratli oilalar vakillari, yoshlar ishtirok etmoqda.

– Bugungi kunda viloyatimizdagi 900 dan ortiq mahallada 750 mingdan ziyod oila mavjud, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova. – Oilalarimiz qanchalik barqaror, mustahkam bo‘lsa, jamiyatimiz yuksalib boraveradi. Shu ma’noda o‘tkazilayotgan tadbirlarning asosiy maqsadi ham oilalarni yanada mustahkamlash, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, namunali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ana shunday tadbirlardan biri Marhamat tumanidagi Muhammad Yusuf nomidagi madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi. Marhamat tuman hokimi Ilyosbek Umrzoqov, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, faol yoshlar hamda tumandagi namunali oilalar vakillari ishtirok etgan tadbirda oilaning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning mustahkamligi va farovonligi davlat taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanligi, shuningdek, yurtimizda oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodni barkamol tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Bayram tadbiri davomida tumandagi o‘zining ahilligi, mehr-oqibati, oilani boshqarish, farzand tarbiyasidagi ibratli yondashuvlari hamda jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan 9 ta namunali oila alohida e’tirof etilib, “Ibratli oila” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Buloqboshi tumani Madaniyat uyida bo‘lib o‘tgan “Oila – muqaddas dargoh” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda esa oilani ulug‘lash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ahillik va totuvlikni mustahkamlash xususida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida, ayniqsa, namunali oilalar, fidoyi ota-onalar hamda ibratli yosh oilalarga alohida ehtirom ko‘rsatildi, ularning oiladagi o‘ziga xos munosabatlari, olib borayotgan ibratli ishlari e’tirof etilib, oila bilan bog‘liq namunali munosabatlarni keng targ‘ib etish lozimligi alohida qayd etildi.
Tadbirda 7 ta namunali oila vakillari “Ibratli oila” ko‘krak nishoni hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Uzoq yillar ko‘plab farzandlarni tarbiyalab, uy-joylik qildik, – deydi tumandagi Buyuk Turon mahallasi, Oqibat ko‘chasida yashovchi, namunali oila sohibasi Mo‘ttixon Jumayeva. – Oilamiz namunali oila sifatida e’tirof etilganidan behad xursandmiz. Ochig‘i, ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lishning o‘zi ham oson emas. Buning ortida qancha-qancha mehnat, tarbiya, oilaga fidoyilik yotadi.
Eng muhimi, har bir inson uchun oila – muqaddas dargoh, uning oilasi tinch va farovon bo‘lsa, u jamiyatning faol a’zosiga aylanadi, qolaversa, o‘sha oila jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.