Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa jamiyat shu qadar farovon va barqaror bo‘ladi. Jamiyat, oila va shaxs bir-birisiz mukammal, baxtiyor bo‘la olmasligi hayotiy haqiqat. Shu ma’noda oilaning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish, mustahkamligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Andijon viloyatida ham oilalardagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, viloyatda joriy yilning birinchi yarmida 2 ming 854 ajrim qayd etilgan. Tuman, shahar oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari, jamoatchilik tuzilmalari tomonidan olib borilgan ishlar natijasida ajrim yoqasiga kelib qolgan 2 ming 565 ta oila yarashtirilgan. Shuningdek, sha’riy nikoh asosida yashab kelayotgan 724 ta oilaning nikohi qonuniy rasmiylashtirilgan.
Viloyatdagi barcha tuman va shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari qoshida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etilgan. Markazlarda oila qurayotgan yoshlar alohida dastur asosida o‘qitilmoqda. Bundan tashqari, o‘quv jarayonida FHDYO xodimlari, shifokorlar, psixologlar, imom va otinoyilar, ko‘pni ko‘rgan, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan otaxon va onaxonlar ishtirokidagi mashg‘ulotlar tashkil etilib, oilaning muqaddasligi, oilaviy qadriyatlar, munosabatlar, reproduktiv salomatlik, oilaga tayyorgarlik, oila psixologiyasi, oilaning huquqiy asoslari, oilada farzand tarbiyasi, kelin-kuyovning huquq va majburiyatlari haqida keng ma’lumotlar berilmoqda. Bu boradagi ishlar ayniqsa, Andijon shahri va Marhamat tumanida namunali yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-13214]
Yilning birinchi yarmida viloyat bo‘yicha FHDYOlarga oila qurish uchun ariza topshirgan 5 ming 104 nafar nikohlanuvchi o‘qitilib, ularga sertifikatlar topshirildi.
– Viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari huzurida faoliyat yuritayotgan “Ota-onalar universiteti”, “Buvijonlar maktabi”, “Qaynonalar maktabi”, “Oilaviy qadriyatldarni mustahkamlash komissiyasi” singari jamoatchilik tuzilmalari tomonidan nikohlanuvchi yoshlar, shuningdek, ota-onalarining huquqiy, ma’naviy-axloqiy va tibbiy bilimlarini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari, turli tadbirlar muntazam o‘tkazib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Gulnoraxon Abdullayeva. – Natijada joriy yilning birinchi yarmida ajralish yoqasida turgan 2 ming 691 oilaning 2 ming 565 tasi yarashtirildi.
Viloyatda erta tug‘uruqlar qayd etilganligi ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishni taqazo etadi. Shu bois, qizlar ishtirokida erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Barcha tuman va shaharlarda erta tug‘uruq va uning salbiy oqibatlarini oldini olish bo‘yicha “Erta turmush – keltirar tashvish”, “Qizingiz turmushga tayyormi?”, “Oila – muqaddas qo‘rg‘on”, “Nikoh yoshi - 18”, “Oila qonunchiligiga rioya etish - mustahkam oila garovi” kabi mavzularda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, “Ibratli oila” tanlovlari o‘tkazildi.
Oilaviy ajrimlarning oldini olish borasidagi mahallalarda olib borilayotgan ishlarni yanada jonlantirish maqsadida viloyatdagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarining Xotin-qizlar faollari Mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlarining malasakasini oshirish institutida “Oila psixologiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan dastur asosida o‘qitildi.
Shuningdek, Andijon viloyati hokimi raisligida may oyida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” bo‘yicha belgilangan topshiriqlardan kelib chiqib viloyatda haftaning har jumasi “Yosh nikohlanuvchilar kuni” deb belgilangan. Shu kuni tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari ishtirokida oilalarni mustahkamlash bo‘yicha uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, haftaning shanba kuni mahallalarda “Ahil oila kuni” deb e’lon qilingan. Shu kuni yosh oilalar bilan namunali oila sohib va sohibalarining uchrashuvlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Andijon viloyatida oilalar mustahkamligini ta’minlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta-tug‘uruqlarning oldini olish, notinch oila farzandlari va ularning ota-onalari bilan tizimli ishlash borasida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unda belgilangan barcha ishlar, chora-tadbirlar reja asosida olib borilmoqda. Xususan, mahaldlalarda oilalarni mustahkamlash maqsadida “Eng namunali oila”, “Eng yaxshi qaynona-kelin”, “Bilimdon oila”, “Kitobxon oila” tanlovlari o‘tkazildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida oilalarni mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu albatta, o‘zining ijobiy samaralarini beradi.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuxriddin UMRZOQOV (foto),
O‘zA