Og‘ir atletika: Osiyo chempionatining oltinchi kungi bahslarida hamyurtlarimiz 18 ta medalni qo‘lga kiritdi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining ortda qolgan oltinchi kungi musobaqalarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 7 ta oltin, 6 ta kumush, 5 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Qit’aning eng mahoratli yosh og‘ir atletikachilari qatnashayotgan chempionatning -85 kg. vazn toifasidagi bahslarida hamyurtlarimiz Otabek Karimov va Azizbek Qutbiddinovning sovrinli o‘rinlarni egallagani yurtimizda yangi chempionlar avlodi kamol topayotganini ko‘rsatdi.
Mahoratli o‘smir og‘ir atletikachimiz Otabek Karimov dast ko‘tarishda 148 kg. natija qayd etib, oltin medalni, Azizbek Qutbiddinov 141 kg. natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Siltab ko‘tarish bahslarida Azizbek Qutbiddinov 178 kg. toshni bo‘ysundirib, kumush, Otabek Karimov 169 kg. natija bilan bronza medalga egalik qildi.
Ikki kurash yakunlariga ko‘ra, 319 kg. ko‘rsatkich bilan Azizbek Qutbiddinov kumush, Otabek Karimov esa 317 kg. natija hisobiga bronza medal sohibiga aylandi.
Yoshlar o‘rtasidagi bahslarda Hikmatillo Haydarov dast ko‘tarishda 161 kg, siltab ko‘tarishda 196 kg, ikki kurash yakunida 357 kg. natija qayd etib, kumush medal bilan taqdirlandi.
Bugun, 13-avgust kuni ertalabki dasturda -77 kg. vazn toifasida bahs olib borgan Dilnura Xoldorova 98 hamda 101 kg. og‘irlikdagi toshlarni muvaffaqiyatli ko‘tarib bronza, Dilnoza Fayzullayeva 100 kg. natija qayd etib, dast ko‘tarish bahslarida bronza medalni terma jamoamiz hissasiga qo‘shib qo‘ydi.
Bugun kun davomidagi musobaqalarda yigitlar -95 va +95 kiloda, qizlar +77 kilogrammdagi bahslarda supachaga ko‘tariladi.

Chempionat bahslarida hamyurtlarimizdan Bekzod G‘ofirjonov, Muhammadshokir Turdaliyev, Alisher Osmanov, Elbek Idiyev, Hulkar Ro‘ziqulova sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 30 dan ziyod mamlakatlarning og‘ir atletikachilari qatnashayotgan qit’a chempionatining ertaga, 14-avgust kuni o‘tadigan so‘nggi kungi musobaqalarida yigitlar -110, +110, qizlar -86, +86 kilo og‘irlikda musobaqalashadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA