Xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida davom etayotgan jahon chempionatining to‘rtinchi kuni hamyurtlarimiz uchun omadli keldi.
67 kilogramm vazn toifasida medallar uchun kurashda ikki nafar sportchimiz ishtirok etib, kutilgan natijaga erishdi.
Jahon chempionati bahslarini kuzatib borayotgan xalqaro mutaxassislar ushbu vaznda amaldagi jahon va olimpiya o‘yinlari g‘olibi xitoylik Chen Litszyunsiz o‘tayotgan musobaqada katta ehtimol bilan medallar uchun kurash Kolumbiya vakili Fransisko Moskera, rossiyalik Zulfat Garayev hamda o‘zbekistonlik Adhamjon Ergashev o‘rtasida kechadi, deya taxmin qilishgan edi. Qaysidir ma’noda shunday ham bo‘ldi.
Ammo,O‘zbekiston kasaba uyumalari sport birlashmasiga qarashli Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi og‘ir atletika bo‘limi tarbiyalanuvchisi, milliy terma jamoa a’zosi Dostonbek Yoqubovni chempionat supasidagi ilk harakatlari medallar uchun da’vogarlar orasida uning ham borligini ko‘satib qo‘ydi va bu haqiqatga aylandi. D.Yoqubov nafaqat siltab ko‘tarish mashqida balki, ikki kurash natijasi bo‘yicha ham tengsiz ekanligini namoyish qildi hamda jahon chempionatida(324 kg) 2 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega chiqdi.
Ushbu vaznda g‘oliblikka da’vogar sanalgan Adhamjon Ergashev siltab ko‘tarishda ishonchni oqladi(174). Jamoamizga bronza medalini taqdim etdi. Ikki kurashda esa 308 kg ko‘rsatkich bilan oltinchi pog‘onadan joy oldi.
Shuningdek, jahon chempionatida 73 kilogramm vaznda ham g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi. Mazkur og‘irlikda mutaxassislar indoneziyalik Abdullax Raxmat Ervin, tailandlik Suttpong Jiram, gruziyalik Georgiy Asanidze va rossiyalik Sergey Petrov yetakchilik qiladi, deya kutishgan edi.
Biroq, murosasiz bahslarda indoneziyalik Abdullax Raxmat Ervin ikki kurashda 343 kilogramm bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kutilmaganda albaniyalik Briklen Kalja 342 kg natija ko‘rsatib, ikkinchi o‘rinni band etdi. Chempionlikka asosiy nomzod bo‘lgan tailandlik Suttpong Jiram umumiy hisobda 334 kg natijaga erishib, uchinchi o‘ringa ilinib qoldi. Aytish lozimki, chempionlikka asosiy da’vogar hisoblangan bir qator polvonlar sovrindorlardan ko‘pi bilan 1-4 kilogramm ortda qoldi, xolos.
Toshkent bahslarida sportchilar ko‘tarayotgan toshlardagi og‘irlik farqining bunday tartibda kelishi, chempionatda medallar uchun kurashda bir kilogramm ham, ba’zida oyoq va qo‘llarning kichkina harakati va hattoki, muxlislarning bir parda past yoki baland ovozda qo‘llashi ham katta ahamiyat kasb etishidan dalolat bermoqda.
Muhimi, 86-tarixiy jahon chempionatining medallar “xazinasi”ga O‘zbekiston sportchilari yo‘l topishdi. Endi o‘sha g‘oliblik belgilarining yanada ortishi keyingi musobaqalardagi ishtirokimizga bog‘liq.
Bugun jahon chempionatining beshinchi kun dasturiga binoan 81 kilogrammda erkaklar va 64 kilogrammda ayollar o‘rtasida saralash musobaqalari tashkil etiladi. Ayollar o‘rtasidagi 59 kilogramm vaznda jahon chempionatining medallari uchun murosasiz bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA