Yangi O‘zbekistonda so‘z, fikr va axborot erkinligini ta’minlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Kuyunchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz o‘zlarining qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar”.
Insonlarga to‘g‘ri, xolis va ishonchli axborot yetkazish, ijtimoiy fikrni shakllantirish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari orasida televideniye alohida o‘rinni egallaydi.
Buni nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham e’tirof etgan. BMTda 1996 yildan boshlab muntazam ravishda jahon televizion forumlari tashkil etiladi. Birinchi jahon televizion forumi o‘tkazilgan sana 21 noyabr esa BMT Bosh Assambleyasining qarori bilan Butunjahon televideniye kuni deb e’lon qilingan. Ushbu xalqaro sana BMTga a’zo barcha davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham har yili nishonlanadi.
Toshkent – televideniye vatani!
Televideniyeni ixtiro qilishga qaratilgan ilk ilmiy tadqiqotlar XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan. 1858 yilda italyan olimi J. Kozelli, 1878 yilda portugaliyalik tadqiqotchi A. Payva, 1880 yilda rus ixtirochisi P. Baxmetev, 1884 yilda nemis muhandisi P. Nipkov tasvirni masofaga uzatish bo‘yicha tadqiqotlar olib borishgan va muayyan muvaffaqiyatlarga erishishgan. Shuningdek, 1887-1888 yillarda nemis olimi G. Gers nurning elektrga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri natijasida zarralarning tebranishini tajribadan o‘tkazgan. Ammo bu olimlarning hech biri o‘z tajribalarini ilmiy asoslab bera olishmagan.
1897 yilda nemis fizigi K. Braun nur tarqatuvchi elektron trubka – osselografni kashf etgan. Aynan ushbu kashfiyot rus olimi B.Rozing tomonidan 1911 yilda tasvirni uzatuvchi va qabul qiluvchi dastlabki telequrilma yaratilishiga asos bo‘lgan.
Ammo mazkur ixtironi takomillashtirish talab etilar edi. Sababi, uskunaning tasvir qabul qilish tomoni elektron usulga asoslangan bo‘lsa ham, tasvir tarqatuvchi tomoni hamon mexanik usulda ishlar edi. Bu esa qurilmadan ommaviy miqyosda foydalanish imkonini bermas edi.
B. Rozing olib borgan tadqiqotlarni uning shogirdlari O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) olimlari Boris Pavlovich Grabovskiy va Ivan Fillipovich Belyanskiy muvaffaqiyatli davom ettirib, 1928 yilda dunyodagi ilk elektron tasvir uzatish uskunasi “radiotelefot”ni ixtiro qilishgan. Uskunaning dastlabki sinov-tajribalari Toshkentda o‘tkazilgan. Shuning uchun ham poytaxtimiz Toshkent – televideniye vatani sifatida tan olinadi.
B. Grabovskiy hamda I. Belyanskiy tomonidan Toshkentda olingan televizion tasvirlar bugungi kungacha saqlanib qolgan. Ularda ixtirochi Belyanskiyning bosh kiyimini silkitib turgani, ko‘chadagi odamlar, yurib ketayotgan tramvay va boshqa transport vositalari tasviri aks etgan.
Markaziy Osiyodagi ilk telemarkaz va eng baland teleminora
1956 yil 5 noyabrda Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor O‘zbekistonda televizion markaz tashkil etilgan. 1957 yildan boshlab televizion ko‘rsatuvlar har kuni muntazam efirga uzatilgan.
Mamlakatimizning butun hududi bo‘ylab sifatli teleradioefirlarni ta’minlash maqsadida 1978 yilda Toshkent teleminorasini qurishga kirishilgan. Balandligi 375 metr bo‘lgan va bu borada o‘sha paytda jahonda to‘rtinchi o‘rinda turgan Toshkent teleminorasi 1985 yil 15 yanvarda foydalanishga topshirilgan. Poytaxtimiz teleminorasi bugungi kunda ham Markaziy Osiyodagi eng baland teleminora hisoblanadi.
Televideniye va internet
Yurtimizda barcha sohalar qatori televideniye ham jadal sur’atlarda rivojlana boshladi.
Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikni tahlil qilsak, telekanallar soni va sifati yil sayin oshib borganiga guvoh bo‘lamiz. Shu bilan birga, internet texnologiyalarining rivojlanishi televideniyega ham katta ta’sir ko‘rsatgani oydinlashadi.
Bu ta’sir birinchidan, ko‘rsatuvlarda internet imkoniyatlaridan keng foydalanilayotganida, ikkinchidan, telekanallar o‘z dasturlarini internet orqali efirga uzatayotganida namoyon bo‘ladi.
Milliy televideniyemiz tashkil topganining 65 yilligi nishonlangan 2021 yilda davlatimiz rahbari quyidagi fikrni ta’kidlagan edilar: “O‘z tarkibida tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan 26 ta tele va 16 ta radiokanalni birlashtirgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining yangi zamonaviy platformasi (“Over-the-top”) markaziy telekanallarimizda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlarni butun mamlakatimiz bo‘ylab hamda dunyoning yuzdan ziyod davlatlariga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarga faol joylashtirish imkonini bermoqda”.
Xulosa qilib aytganda, milliy televideniyemiz har birimiz faxrlansak arziydigan boy tarixga, shuningdek, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari bilan raqobatlasha oladigan salohiyatga ega. Televideniye sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar xalqimizga ishonchli va haqqoniy axborot yetkazishga, odamlarning ekran qarshisida o‘tgan vaqti mazmunli va foydali bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.
Nazira YUNUSOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali mutaxassisi