O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
2016-yil 24-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
2016-yil 24-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.
Davlatimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotgan yalpi majlis qatnashchilari Senat Raisi N.Yo‘ldoshevning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan Oliy Majlis Senatining o‘tgan davrdagi faoliyatiga va kelgusi yillardagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzasini tingladilar.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi tom ma’noda tarixiy voqea bo‘lganligi ta’kidlandi. Atigi chorak asr mobaynida mamlakatimiz taraqqiyotning puxta o‘ylangan «o‘zbek modeli»ni izchil ro‘yobga chiqarish orqali bir necha yil davomida iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini ko‘rsatib, ildam rivojlanayotgan demokratik davlatga aylandi. Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, davlatning bosh islohotchi ekanligi, hayotning barcha sohalarida qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish deb nomlanadigan beshta tamoyilga asoslangan davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan “o‘zbek modeli” olib borilayotgan islohotlarning ishonchli poydevoriga aylandi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli demokratik islohotlar o‘tkazildi, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy tizimni tubdan yangilashning, huquqiy demokratik davlat barpo etishning mustahkam huquqiy asoslari qo‘yildi. Bunday davlatda inson, uning hayoti, erkinligi, or-nomusi, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi, milliy o‘zlikni anglash hissining o‘sishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi, islohotlarning inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini to‘liq ta’minlashga qaratilganligi, mulk huquqining mustahkamlanganligi insonlar dunyoqarashini, ular hayotining mazmun-mohiyatini tubdan o‘zgartiruvchi muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
Mustaqillik yillarida don, yoqilg‘i-energetika va transport-kommunikatsiya sohasida mustaqillikka erishishga, iqtisodiyotning barcha sohalarini modernizatsiya qilishga doir chindan ham ko‘lamdor chora-tadbirlar amalga oshirildi. Qishloq xo‘jaligini qayta qurish, yerni uning haqiqiy egalariga berish hisobiga respublikaning oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmoqda. Agar ilgari O‘zbekiston sobiq ittifoqning xomashyo yetkazib beruvchi qoloq o‘lkasi hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatimizda neft va gaz-kimyo sanoati, neftgaz va temir yo‘l mashinasozligi, avtomobilsozlik, zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish, farmatsevtika, yuqori texnologik oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati kabi tarmoqlar yetakchilik qilmoqda.
O‘zbekiston iqtisodiyotida mulkdorlar, tadbirkorlar sinfi o‘z mavqeini kuchaytirmoqda. Ularning yalpi ichki mahsulotdagi ishtiroki doim o‘sib bormoqda. Bugun bu ko‘rsatkich 56,7 foizni tashkil etmoqda. Band bo‘lgan aholining qariyb 80 foizi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, o‘z oilasining, xalqining farovonligini oshirib kelmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhit yaratilgan.
1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish izchilligining, tinchlik va osoyishtalikning, siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy barqarorlikning, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning ishonchli kafolatiga aylandi. Amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy zamiri Konstitutsiyaning asosiy qoidalariga muvofiq izchil shakllantirilmoqda.
Ikki palatali milliy parlamentning yaratilishi va uning samarali faoliyat ko‘rsatishi davlat va jamiyat qurilishidagi demokratik islohotlarning muhim omiliga aylandi. Parlamentda quyi – Qonunchilik palatasi professional asosda faoliyat ko‘rsatadi, yuqori palata – Senat esa O‘zbekiston mintaqalarini ifodalab, mintaqaviy va umumdavlat manfaatlari muvozanatini ta’minlaydi. Mustaqillik yillarida hokimiyat tarmog‘ini bo‘lishdan iborat konstitutsiyaviy prinsipni bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarishga, ular o‘rtasida o‘zaro muvozanat va tiyib turishning samarali tizimini yaratishga, markaz va joylarda davlat hokimiyati organlari tizimida qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat funksiyalarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar olib borildi.
Parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar huquq ustuvorligini ta’minlashga, iqtisodiyotning uzluksiz o‘sishiga, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga va jahon hamjamiyatidagi munosib o‘rnini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’ruzada Senatning o‘tgan yillardagi faoliyati ayrim jihatlarini tanqidiy tahlil qilishga va kelgusi davrda parlament yuqori palatasi ish samaradorligini oshirishning ustuvor vazifalariga alohida e’tibor qaratildi. Oliy Majlis Senatining 2015-yil 22-yanvarda bo‘lib o‘tgan birinchi yalpi majlisida, parlament palatalarining 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida, Konstitutsiya qabul qilinganligining 23-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatini tubdan yaxshilash, qabul qilinayotgan qonunlarning mazmuni va mohiyatini ijro etuvchilarga yetkazish, Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorligini, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan birgalikdagi faoliyatni kuchaytirish choralari ko‘rilganligiga urg‘u berildi.
Qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish bo‘yicha Senat qo‘mitalari va komissiyalarining, har bir senatorning faoliyatini yanada takomillashtirish, qabul qilinayotgan qonunlar normalari ishlashi uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlari o‘z vaqtida e’lon qilinishini va huquqni qo‘llash holatini muntazam nazorat qilish ustuvor vazifalar qatorida tilga olib o‘tildi. Bunda senatorlarning kundalik ish uslubida mustahkam o‘rin olishi lozim bo‘lgan parlament nazoratini amalga oshirish rasmiyatchilik uchungina kechishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Yaqinda qabul qilingan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan barcha mexanizmlarni ishga solish muhim ahamiyatga ega. Ma’ruzada mintaqaviy va umumdavlat manfaatlari muvozanatiga erishishga, qonuniylikni, qonun ustuvorligini ta’minlashda parlament rolini oshirishga qaratilgan Senat faoliyatining samaradorligini oshirish muhimligi alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng senatorlar yalpi majlis kun tartibiga muvofiq mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotining barcha sohalarini bosqichma-bosqich isloh qilishga hamda demokratlashtirishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqishga kirishdilar.
Senatorlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun yoshlar siyosatining asosiy qoidalari, bunday siyosatni shakllantirish va ro‘yobga chiqarishga doir tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishni yaxlit qonun hujjatida mujassam etish maqsadida qabul qilinganligi ta’kidlandi.
Qonunda hozirgi zamon talablarini hisobga olgan holda yoshlarga oid davlat siyosatining quyidagi ustuvor yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yildi: ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq hamda manfaatlarni, yoshlarning ochiq va sifatli ta’lim olishini ta’minlash, yosh avlodning jismoniy, intellektual va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish, yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarni ma’naviy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, radikalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish, iqtidorli yoshlarni va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, yoshlar sportini, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va hokazo.
Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatini markazda va joylarda ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar vazifalari, vakolatlari, shuningdek, ularning bu sohadagi javobgarligi aniq belgilab berilmoqda. Ushbu organlar zimmasiga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, mehnat va boshqa sohalarda yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan talablar, normativ-huquqiy hujjatlar shak-shubhasiz ijro etilishini ta’minlash, huquqiy targ‘ibotga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, yoshlar orasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish vazifalari yuklatilmoqda.
Qonun normalari yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda jamoat tashkilotlarining, eng avvalo, yoshlar tashkilotlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ommaviy axborot vositalarining roli hamda o‘rnini kuchaytirishga ham qaratilgan. Davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda, sog‘lom barkamol avlodni tarbiyalashga doir tadbirlarni uyushtirish hamda o‘tkazishda, yoshlarning jamiyat hayotidagi roli va faolligini yuksaltirishda, ushbu sohadagi qonun hujjatlari va davlat dasturlari talablari bajarilishi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari muqarrar ishtirokining huquqiy mexanizmlari belgilab berilmoqda.
Senatorlar qayd etganlaridek, qonunning qabul qilinishi yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini mustahkamlashga, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar mas’uliyatini kuchaytirishga, ushbu sohada sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun mamlakatimizda zarur imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratishga, mamlakatimiz yoshlarini XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan har tomonlama barkamol shaxslar qilib shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalarni ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan va parlamentning quyi palatasiga kiritilgan hamda ichki ishlar organlarining maqomini, birinchi navbatda, qonun ustuvorligini, fuqarolar huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha ular faoliyatining shakllari hamda usullarini aniq belgilab berishga qaratilgan.
Majlisda ushbu qonun ichki ishlar organlari tizimi va tuzilishini, ularning huquqlari, majburiyatlari hamda vakolatlarini, ularning xodimlariga nisbatan qo‘yilgan talablarni, shuningdek, ularni ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilish choralarini aniq belgilab berishi ta’kidlandi.
Qonunda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va prinsiplari mustahkamlab qo‘yilmoqda. Ichki ishlar organlari zimmasiga fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini, jamoat tartibini va jamoat xavfsizligini, yuridik hamda jismoniy shaxslar mol-mulki himoyasini ta’minlash vazifalari yuklatilmoqda.
Ichki ishlar organlarining aniq vazifalarini, shu jumladan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, jinoyatlarning, boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularni fosh qilish, jamoat joylarida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar organlarining aniq vazifalarini belgilab qo‘yish ularining jamiyat va davlat oldidagi javobgarligini oshiradi.
Qonunda ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilishga doir qo‘yilgan asosiy talablarga, xizmat o‘tash shartlariga alohida o‘rin ajratilgan.
Senatorlar ta’kidlaganlaridek, ushbu qonun ichki ishlar organlari nufuzini mustahkamlashga, ular faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga, shuningdek, xodimlarning o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni ijro etish bo‘yicha javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda tabiatni muhofaza qilish sohasiga doir qonunlar ham ko‘rib chiqildi.
Senatorlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, qonunning asosiy maqsadi hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishdan, hayvonot dunyosi obyektlaridan oqilona foydalanish va ularni qayta hosil qilish tizimi samaradorligini oshirishdan, ularning yashash muhitini saqlashdan, shuningdek, qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishini ta’minlashdan iborat.
Amaldagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar huquqni qo‘llash amaliyotining ta’sirchanligini oshirishga va biologik xilma-xillikning ajralmas qismi sifatida yovvoyi hayvonlar genofondini kompleks himoya qilish nuqtai nazaridan qonunchilik hujjatlaridagi nuqsonlarni bartaraf etishga, qonun normalarini yangi qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan yangi huquqiy normalarni mustahkamlaydi.
Qonunda hayvonot dunyosini muhofaza qilishga va undan oqilona foydalanishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarishda davlat organlarining, shuningdek, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Hayvonot dunyosi obyektlarini olib kirish va olib chiqishning huquqiy rejimini, tabiiy muhitdan «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlar ajratib olinishini taqiqlashni, hayvonot dunyosi obyektlaridan oqilona foydalanish, ularning yashash muhitini saqlash bo‘yicha biotexnik tadbirlar o‘tkazish tartibini belgilab beruvchi normalar qonunning muhim qoidalaridir.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish sohasida monitoring va nazorat olib borish, hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish masalalari qonunda alohida o‘rin egallaydi.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi tabiiy sharoitlarda yovvoyi hayvonlarning miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini saqlash, ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirishga, ushbu sohada mavjud bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqdilar.
Majlisda senatorlar yangi qonun o‘simlik dunyosini muhofaza qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, undan oqilona foydalanish tizimining samaradorligini oshirishga, atrof-muhit bus-butunligini va yovvoyi o‘simliklar o‘sadigan muhitni saqlashga qaratilganligini qayd etdilar.
Qonunda o‘simlik dunyosi muhofaza qilinishini va undan oqilona foydalanilishini ta’minlash borasidagi subyektlarning vakolatlari, o‘simlik dunyosi obyektlarini olib kirish va olib chiqish tartibi, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi o‘simlik turlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, karantin tadbirlarini o‘tkazish talablari aniq belgilab berilgan. O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish sohasida monitoring hamda nazorat olib borishning huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi tabiatning barqarorligini, biologik xilma-xilligini saqlab qolish, xususan, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik organizmlari genofondini asrash, mamlakat mintaqalarida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yaratish va kengaytirish hamda o‘simlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni qayta hosil qilish sohasida norma hamda normativlarni ishlab chiqish borasidagi munosabatlarni qonuniy yo‘l bilan samarali tartibga solish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oltinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati