TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida shaharsozlikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Orifjon Fayziyev Butunjahon urbanizatsiya forumi doirasida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining yuqori darajadagi shaharsozlik muloqotida ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli tadbir doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida shaharsozlikni birgalikda rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat shaharlarni rejalashtirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, “yashil” hududlarni kengaytirish hamda aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashishni nazarda tutadi.

Tadbirda so‘z olgan Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev O‘zbekistonda so‘nggi yillarda shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Xususan, u “Yangi Toshkent” loyihasi nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa uchun zamonaviy va innovatsion shaharsozlik namunasi bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Mazkur memorandum turkiy davlatlar o‘rtasida shaharsozlik sohasidagi integratsiyani kuchaytirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA