O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, ilm-fanning ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish borasida ilmiy, madaniy, ta’lim, jamoat muassasalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, yoshlarda, avvalambor, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o‘quvchilarida, oliy ta’lim muassasalari talabalarida mamlakat tarixi haqidagi chuqur bilimlarni shakllantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi «Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2789-sonli qaroriga muvofiq, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashiga (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik kengashi) aylantirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Jamoatchilik kengashi O‘zbekistonning eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish samaradorligini, mazkur sohada ilmiy, o‘quv-metodik adabiyotlar, ma’naviy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan, jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi idoralararo ilmiy-muvofiqlashtirish va maslahat organi hisoblanadi.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
O‘zbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy nazariy-metodologik, fanlararo yondashuvlarga, tarixiylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tizimli o‘rganishni tashkil etish, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha dolzarb muammolarni ishlab chiqish, shuningdek, buyuk tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, aqidaparastlikka yo‘l qo‘ymaslik ishlarini muvofiqlashtirish;
demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning «o‘zbek modeli» mohiyati va mazmunini, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni, hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish va yaqqol ochib berish;
ilmiy, o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini tayyorlash va chop etish ishlarini muvofiqlashtirish, ularda O‘zbekistonning eng yangi tarixini umumjahon va mintaqaviy jarayonlar bilan, shuningdek, hozirgi O‘zbekiston hududida shakllangan xalqlar va davlatlar sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy merosi bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqishni ta’minlash;
O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar, o‘quv dasturlari monitoringini olib borish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va joriy etish;
fuqarolarda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash, yuksak ma’naviyat, xalqning tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat, mamlakatimiz mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston tarixi bo‘yicha zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish.
4. Belgilansinki:
a) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Jamoatchilik kengashining ishchi organi hisoblanadi, unga quyidagi asosiy vazifalar yuklanadi:
Jamoatchilik kengashi faoliyatini ilmiy-metodik ta’minlash;
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha dolzarb masalalarni ishlab chiqishni tashkillashtirish, ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash chora-tadbirlari tizimini tayyorlash va amalga oshirish, o‘quv, ilmiy-metodik adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, shuningdek, Jamoatchilik kengashiga yuklangan boshqa vazifalarni bajarish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish yuzasidan tanlovlar o‘tkazishda ishtirok etish;
davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida O‘zbekistonning eng yangi tarixi tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy-texnika loyihalari tanlovlarini vazifalari ro‘yxatiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqish hamda ularni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga kiritish;
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish;
har yili ushbu sohada tadqiqotlar va ta’lim berish darajasini oshirishga, zamonaviy O‘zbekiston, uning tarixiy o‘tmishi to‘g‘risidagi ishonchli axborotni xalqaro jamoatchilikka yetkazishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro va respublika konferensiya va seminarlari ro‘yxatini belgilangan tartibda ishlab chiqish;
b) Markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan tayinlanadigan va ozod qilinadigan direktor boshqaradigan davlat muassasasi hisoblanadi;
v) Markaz faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
g) Markaz o‘z faoliyati doirasida xorijiy mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va xalqaro jamg‘armalar bilan hamkorlik qiladi;
d) Markaz muassislar hisobidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonning eng yangi tarixining dolzarb masalalari” jurnalini nashr etadi.
5. O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazning tuzilmasi, shtat jadvali va xodimlar mehnatiga haq to‘lash razryadlari 3-5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz ustavini tasdiqlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazni belgilangan tartibda zarur aloqa turlari va vositalari, shu jumladan, Hukumat aloqasi bilan, shuningdek, keng ko‘lamli umumjahon Internet axborot tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
mazkur qarordan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2017-yil uchun tasdiqlangan xarajatlari ro‘yxatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida «Ilm-fan» sohasi bo‘yicha ajratiladigan mablag‘lar doirasida Markazga, uning ta’minoti bilan bog‘liq va zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishi uchun zarur byudjet mablag‘lari ajratilishini nazarda tutsin;
bitta alohida yengil avtomobil vositasi ta’minotiga limit ajratsin.
9. «O‘zarxiv» agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari Markazning so‘roviga muvofiq, arxiv, axborot-tahlil va unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan boshqa materiallarni bepul asosda taqdim etsin.
10. O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ma’lumotlarning axborot bazasini shakllantirish va to‘ldirib borish uchun Markaz quyidagi majburiy jo‘natmalar reyestriga kiritilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining statistik ma’lumotlari;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi byulletenlari va kundalik ma’lumotlari to‘plami.
11. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi:
«O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari» jurnalini «O‘zbekistonning eng yangi tarixining dolzarb masalalari» nomi bilan belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Markazni bosma va kitob mahsulotlari (tarixiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy nashrlar) nazorat nusxalarini (1 nusxa) bepul oladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi «O‘zbekistonning eng yangi tarixining dolzarb masalalari» jurnali muassislari etib belgilansin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 27-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-1694-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 30-iyun
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida
O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik
kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda buyuk tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishini o‘rganish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Milliy o‘zlikni anglash, xalqlar o‘rtasidagi totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, umumiy barqarorlikni saqlash ishida tarix sezilarli ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 17-fevraldagi PQ-2789-sonli qaroriga asosan bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalari Fanlar akademiyasi tarkibiga o‘tkazildi. Ularning qatorida akademik institut maqomiga qaytadan ega bo‘lgan, tarixiy ilm-fan va ta’limning barcha bo‘g‘inlarini rivojlanishida yetakchi sifatida hissa qo‘shadigan – Tarix instituti. Amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashiga aylantirildi, shu bilan birga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz Fanlar akademiyasi tasarrufiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, ilm-fanning ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish borasida ilmiy, madaniy, ta’lim, jamoat muassasalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, yoshlarda, avvalambor umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o‘quvchilarida, oliy o‘quv muassasalari talabalarida mamlakat tarixi haqidagi chuqur bilimlarni shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashining quyidagi asosiy vazifalari belgilandi:
demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning «o‘zbek modeli» mohiyati va mazmunini, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni, hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish va yaqqol ochib berish;
O‘zbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy nazariy-metodologik, fanlararo yondashuvlarga, tarixiylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tizimli o‘rganishni tashkil etish, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha dolzarb muammolarni ishlab chiqish, shuningdek, buyuk tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, aqidaparastlikka yo‘l qo‘ymaslik ishlarini muvofiqlashtirish;
ilmiy, o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini tayyorlash va chop etish ishlarini muvofiqlashtirish, ularda O‘zbekistonning eng yangi tarixini umumjahon va mintaqaviy jarayonlar bilan, shuningdek, hozirgi O‘zbekiston hududida shakllangan xalqlar va davlatlar sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy merosi bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqishni ta’minlash;
O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar, o‘quv dasturlari monitoringini olib borish;
sohada ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va joriy etish;
fuqarolarda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash, yuksak ma’naviyat, xalqning tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat, mamlakatimiz mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston tarixi bo‘yicha zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish.
Qarorda ijtimoiy-gumanitar fanlarni ta’lim bilan integratsiyalashuvini mustahkamlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jamoatchilik kengashi shuningdek, “Tarix” ta’lim yo‘nalishi va tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablarini ishlab chiqishda qatnashishi mustahkamlab qo‘yildi.
Jamoatchilik kengashining ishchi organi sifatida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz belgilangan bo‘lib, uning asosiy vazifalari sifatida Jamoatchilik kengashi faoliyatini ilmiy-metodik ta’minlash, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha dolzarb masalalarni ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish yuzasidan tanlovlar o‘tkazishda ishtirok etish, davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida O‘zbekistonning eng yangi tarixi tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy-texnika loyihalari tanlovlarini vazifalari ro‘yxatiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqish hamda ularni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga kiritish, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish, har yili O‘zbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro va respublika konferensiya va seminarlari ro‘yxatini belgilangan tartibda ishlab chiqish belgilangan.
Ushbu qaror davlatimiz tomonidan fan va ta’lim o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda yosh avlodda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash, yuksak ma’naviyat, xalqimizning tarixiy an’analari, madaniy merosiga hurmat, mamlakatimiz mustaqillikka erishganligining buyuk tarixiy ahamiyatini anglash kabi fazilatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi keng ko‘lamli ishlarning huquqiy asosi hisoblanadi.