O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot
2015-yil 20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
2015-yil 20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisini shu yilning 6-avgust kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalarini izchil isloh qilishga hamda liberallashtirishga, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro‘yobga chiqarishga, aholining farovonligini oshirishga va ijtimoiy muhofaza qilinishini kuchaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilmoqda. «Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida»gi, «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Bo‘lg‘usi yalpi majlisda senatorlar konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va Devonining uchinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.
Kengash majlisida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015-yilga va kelgusi yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning 2015-yil birinchi yarmidagi ijrosi to‘g‘risidagi masala ham muhokama etildi.
Ushbu masala senatorlar tomonidan har tomonlama ko‘rib chiqilib, Harakat dasturining to‘liq ijro etilishiga erishish, bu sohadagi ishlarning samaradorligini oshirish uchun zarur bo‘lgan qator takliflar kiritildi. Muhokama yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Senat Kengashi o‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati