O‘zbekiston musulmonlari idorasi: “Islom dini o‘yinchoq emas yoxud Yangi yilni nishonlash joizmi, archa bezatish-chi?”
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda rusiyzabon kishi “Alisa”ga qo‘ng‘iroq qilib, musulmonlar Yangi yilni bayram qilishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida so‘ragani, “Alisa” bunga hadislardan misollar keltirib javob bergani borasidagi ovozli qayd tarqaldi.
Dolzarb mavzu
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda rusiyzabon kishi “Alisa”ga qo‘ng‘iroq qilib, musulmonlar Yangi yilni bayram qilishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida so‘ragani, “Alisa” bunga hadislardan misollar keltirib javob bergani borasidagi ovozli qayd tarqaldi.
Bu ovozli qayd aksariyat mo‘min-musulmonlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Nega? Chunki muqaddas Islom dinining asosini odob tashkil etadi. Bunga oyati-karimalar va hidisi-shariflardan istalgancha dalil keltirish mumkin. Dinimizda har bir savolga javob bor. Har bir masalaning fatvosi berilgan. Hatto savol so‘rashning ham o‘ziga yarasha odoblari, tartib-qoidalari bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘sha savol-javob dinimizning qaysi jihatlariga to‘g‘ri keladi? Nega shuncha ulamolar turib, aynan “Alisa”dan Islom dinida Yangi yilni nishonlash mumkin yoki emasligi haqida so‘raldi? Bu savol nima maqsadda so‘raldi va nega aynan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi?
SAVOL KIMDAN SO‘RALADI YoKI FATVO BERIShGA KIM HAQLI?
Diniy savollar, fatvolar ilmli, taqvoli va adolatli kishidan so‘raladi. Bu haqda mashhur hanafiy faqih Ibn Obidin “Raddul Muhtor” kitobida: “Fatvo ahli ijtihod va adolat bilan tanilgan va odamlar uni ulug‘lab, fatvo so‘rab turgan kishidan so‘raladi. Agar ijtihod va adolatdan birortasi bo‘lmasa, fatvo so‘ralmaydi”, degan.
Shu bilan birga, dinimizda savol beruvchiga quyidagi ishlar taqiqlanadi:
– ko‘p savol so‘rash;
– dinda foydasi yo‘q narsalarni so‘rash;
– voqelikda yo‘q narsani so‘rash;
– savolda haddan tashqari chuqur ketish;
– boshqalardan ustun kelish uchun qaysarlik ila so‘rash;
- bir olimdan so‘ragandan keyin boshqasidan yana o‘sha savolni so‘rash;
– yengil fatvo beradigan odamni izlab topib so‘rash va hokazo...
Dinimiz g‘oyat go‘zal. Masalaning faqat bir jihatini emas, balki hamma tomonini hisobga olgan. Ya’ni faqat savol beruvchiga emas, balki javob beruvchi (Fatvo beruvchi)ga ham muayyan majburiyatlarni yuklagan.
Fatvo beruvchida quyidagi sifatlarga ega bo‘lishi shart:
– muxlis, taqvodor musulmon bo‘lishi;
– aqlli bo‘lishi;
– balog‘atga yetgan bo‘lishi;
– adolatli bo‘lishi (ya’ni shariat ko‘rsatmalaridan chiqmaydigan bo‘lishi. Chunki fatvo Alloh taoloning hukmi haqida xabar berishdan iborat. Fosiqning xabari din sohasida qabul emas).
– ijtihod (Imom Shofe’iy bu haqda quyidagilarni aytgan: “Faqat quyidagilarni o‘zida jamlagan kishigina Allohning dinida fatvo berishi mumkin: Allohning Kitobini, uning nosixi va mansuxini, muhkami va mutashobihini, ta’viyli va tanziylini, makkiysini va madaniysini yaxshi bilgan bo‘lishi va undan nima iroda qilinganini ham bilishi kerak. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini chuqur o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Hadisdan ham Qur’ondan bilgan narsalarni bilmog‘i lozim. Arab tilini va she’riyatini yaxshi bilmog‘i kerak. U narsalarni insof ila ishlatishi shart. Turli diyor ulamolarining ixtiloflarini ham anglab yetgan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, o‘tkir zehnli bo‘lmog‘i ham kerak. Ana shundagina gapirishi va halol hamda haromdan fatvo berishi mumkin. Bo‘lmasa, jim tursin”.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Biror joyni qidirib yo‘lga chiqsagu, biroq borar yerimizdan adashsak, duch kelgandan odamdan, hatto yo‘l bo‘yidagi pistachidan ham, tilanchidan ham borar manzilimizni so‘rayveramiz. U qaerni ko‘rsatsa, shu yoqqa intilamiz: o‘ng desa, o‘ngga; so‘l desa, so‘lga burilamiz. Manzilni tezroq topib olish ilinjida so‘zsiz uning gaplariga itoat etamiz.
Lekin diniy sohada biror-bir savol tug‘ilsa, nega yurtimiz ulamolari saylab qo‘ygan Muftiy hazratlarining fatvolariga, butun Islom olami e’tirof etgan alloma Shayx hazratlarining javoblariga shubha bilan qaraymiz.
Nafsimizga ergashib, ko‘pning ketidan qolmasdan dinimizga aloqasi bo‘lmagan qayoqdagi “Alisa”larning Yangi yil haqidagi gaplariga quloq tutamiz, ularning yo‘rig‘iga yuramiz... Axir, Alloh taolo bizni hayvondan aqlimiz bilan farqladi-ku! Nahotki, tafakkur qilmaymiz, kallamizni ishlatmaymiz?!
YaNGI YIL QANDAY BAYRAM?
Har doim milodiy yil poyoniga yetayotganda, mo‘min-musulmonlar orasida bir savol – “Yangi yil qanday bayram?” takrorlanaveradi. Bu savolning javobini ko‘p marta eshitganmiz.
Har bir sananing, bayramning o‘ziga yarasha tarixi bor. Shu jumladan, Yangi yilning ham. Yangi yil Rimda Yuliy sezar tomonidan joriy etilgan. Keyinchalik bu bayram asta-cekin Rimga tobe xalqlar orasida tarqalib, qadriyat sifatida shakllana borgan. Shu tariqa Yunoniston, Misr, Yaqin sharq mamlakatlari va Yevropaning janubiy hududlarida keng yoyila borgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xalqimizda bu bayram 19 asrdan nishonlana boshlangan. 1947 yilda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining qarori bilan 1 yanvar kuni bayram kuni deb e’lon qilingach, O‘zbekistonda Yangi yil rasman nishonlana boshlangan.
XX asrning ikkinchi yarmida esa Yangi yil deyarli har bir xonadonda, tashkilotlarda keng nishonlanishi kuzatiladi.
1991 yilda O‘zbekistonda mustaqillik e’lon qilingach ham Yangi yil bayrami rasmiy bayram sifatida saqlab qolindi.
Ko‘pchilik mo‘min-musulmon yurtdoshlarimiz Yangi yilni bayram qilmaslik kerak, u boshqa din vakillarining bayrami, deyishib dalil sifatida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning “Kim biror qavmga o‘xshasa, u o‘shalardandir” (Imom Ibn Moja rivoyati), degan hadisni keltiradilar.
Aslida-chi: aslida ham shundaymi?
Mo‘min farosatli, har bir masalaning mohiyatiga e’tibor qaratadigan, har bir ishdan ezgulik va savobni ko‘zlaydigan kishidir. Shunday ekan, yil poyonida bir yillik faoliyatni sarhisob qilish, kamchiliklardan xulosa chiqarib, muvaffaqiyatlarga shukrona keltirish, Yangi yilda yangi rejalarni tuzib olish maqsadida shukrona dasturxoni yozishning nimasi yomon?!
Yoki yilning istalgan sanasida xalqimiz ta’biri bilan aytganda, Xudo bergan kuni mast qiluvchi ichimliklar ichib, og‘ziga kelgan so‘zni so‘zlab, hammaning asabiga tegib yurishni dinimiz qattiq va qat’iy qoralaydi. Demak, har bir narsa niyat va maqsadga bog‘liq. Bejiz mo‘tabar va ishonchi hadis kitoblarida birinchi hadis: “Har bir amal niyatlarga ko‘radir”, deb boshlanmagan.
YaNGI YILDAN “ROJDESTVO”NING FARQI NIMADA?
Ko‘pchilik Yangi yil rimliklar ilohi Yanus sharafiga joriy etilganini bilishmaydi. Aksincha, bu bayram nasroniylarniki ekanini biladilar. Haqiqiy nasroniylar bu bayramni rasman nishonlamaydi, bu bayramga qarshi chiqqanlar.
Nasroniylar nishonlaydigan bayram “Rojdestvo”dir. Unda Iso alayhissalom tug‘ilgan kun bayram qilinadi. “Rojdestvo” yangi taqvim bo‘yicha katoliklar va protestantlarda 25 dekabrda, Rus, Serb, Arman-grigoryan, sharqiy katolik cherkovlarida esa yulian taqvimi bo‘yicha 25 dekabr – yangi grigorian taqvimi bo‘yicha 7 yanvarda nishonlashadi.
“Rojdestvo”ni nishonlash musulmon kishiga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin soniyalarni, daqiqalarni, soatni, kunni, oyni, yilni, asrni aylantiradigan xristianlar emas, Iso Masih ham emas, balki xristianlarni ham, Iso alayhissalomni ham, musulmonlarni ham yaratgan Alloh taolodir!
ARChA BEZATISh MUMKINMI?
Yangi yil uchun archa bezatish odatini hayotga tatbiq qilgan inson germaniyalik Martin Lyuterdir. Uzoq muddat safarda yurib, bayram arafasida yarim tunda uyiga qaytgan Martin oila a’zolariga “syurpriz” taqdim qilish maqsadida “abadiyat daraxti” nomi berilgan daraxtni olib keladi. Uni bezatishadi, chiroqlar qo‘yishadi va bu ish ko‘pchilikka manzur bo‘ladi.
Aslida archani bezatish diniy nuqtai nazardan emas, balki sog‘liq jihatidan foydalidir. Chunki archa nafaqat sog‘liq, ayni paytda yog‘och o‘ymakorligi, naqshlar solish, eshik-derazalar yasashda ham keng qo‘llaniladi. Archada sog‘liq uchun foydali omillar bisyor. Misol uchun, archada efir moyi, qatron, qand, mum va organik kislotalar ko‘p. Archa qubbasining damlamasida siydik haydovchi, balg‘am ko‘chiruvchi va ovqat hazm qiluvchi xususiyatlar bor. Shu nuqtai nazardan bolalarning yaqin yo‘lashi uchun archaga turli o‘yinchoqlar, shirinliklar ilib qo‘yiladi. Maqsad bolalar archa atrofida o‘ynashib, uning sog‘liq uchun foydali mikroelementlaridan bahra olishidir.
Nafas olish yo‘llarida shikoyati bor biror tanishimiz sihatgohda davolanayotgan bo‘lsa, ziyorat qilgani borganimizda, sihatgoh atrofida turli archalarning baravj o‘sayotganiga guvoh bo‘lganmiz. Shu archalarning atrofga taratayotgan xushbo‘y hidlaridan bahramand bo‘lganmiz.
Mutaxassislarining aytishicha, bir gektar maydonga o‘tqazilgan archa daraxtlari bir kunda butun boshli shaharning havosini tozalab berish xususiyatiga ega ekan.
XULOSA
Yangi yil bayramini nishonlash har kimning o‘z ixtiyoriga havola etiladi. Ezgu niyatda, dinimiz ko‘rsatmalariga mos, poyoniga yetgan yilni sarhisob qilish, yangi yil uchun yangi rejalar tuzib olish maqsadida oila davrasida shukrona dasturxoni yozishning zarari yo‘q. Lekin Alloh taolo harom qilgan narsalarni iste’mol qilish, shariatimiz ko‘rsatmalariga zid ishlarni bajarish nafaqat muayyan sanalar, bayramlar arafasida, balki hech qachon mumkin emas.
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari