Oʻzbek qizi Markaziy Osiyodagi birinchi ayol-dirijyor
Uni “alangali dirijyor”, “dirijyorlik tayoqchalari tutgan shoira”, deb ataydilar.
Xotira
Markaziy Osiyodagi birinchi ayol-dirijyor, xalq artisti, Davlat mukofoti laureati, professor, Turon Fanlar akademiyasi akademigi Dilbar Abdurahmonova Oʻzbekiston musiqa madaniyatining mashhur namoyandalaridan biridir.
Uni “alangali dirijyor”, “dirijyorlik tayoqchalari tutgan shoira”, deb ataydilar. Mahorati va betakror harakatlari bilan dunyoni zabt etgan bu ajoyib sanʼatkor dirijyorlik faqat erkaklar bajaradigan kasb emasligini isbotladi.
Sahnada uning qoʻllari qush qanotlari kabi parvozga shaylanadi, dirijyorlik tayoqchalari esa sehrli tayoqchaga aylangandek tuyulardi. Oʻzi yonib ijod qilgani kabi, boshqalarni xam oʻz tafti bilan yonishga majbur qilardi.
Dilbar Abdurahmonova 1936-yilning 1-may kuni Moskva shahrida dunyoga keldi. Bu paytda uning ota-onasi Gʻulom Abdurahmonov va Zuhra Fayziyeva Moskva konservatoriyasi qoshidagi opera studiyasida taʼlim olishardi. Yosh otaning iltimosiga koʻra yangi tugʻilgan chaqaloqqa studiya rahbari Muhiddin Qori Yoqubov ism qoʻyadi. U paytlarda ovoz yozish boʻlmagan, har tong Zuhra Fayziyeva bevosita jonli efirda qoʻshiq kuylar edi.
1939-yili studiya bitiruvchilari Toshkentga qaytishadi va Dilbarning ota-onasi opera teatridagi faoliyatlarini davom ettirishadi. Qizcha otasi bilan barcha repetitsiya va spektakllarga borar, soatlab orkestr oʻtiradigan chuqurcha yonida turardi. Dilbarning bu qiziqishi ikkinchi skripkalar konsertmeysteri Matvey Krivoruchkaning eʼtiborini jalb qiladi. Uning musiqiy qobiliyatini tekshirib, qizchani skripka boʻyicha dars beradigan Glier nomidagi musiqa maktabiga yetaklab boradi va oʻz sinfiga yozdiradi. Boʻlajak xalq artisti bir vaqtning oʻzida ikkita maktabni – umumiy oʻrta va musiqa maktablarini aʼlo baholarda bitiradi.
1955-yilda Dilbar Abdurahmonova konservatoriyaga oʻqishga kiradi. Bu yerda ham bir vaqtning oʻzida ikki sinfda – Muxtor Ashrafiyning simfonik dirijyorlik va Boris Titelning skripka sinflarida mahoratini oshiradi.
1957-yilda uchinchi bosqich talabasi Dilbar Abdurahmonova Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining orkestrida skripka chala boshlaydi. Shu yili Muxtor Ashrafiy unga katta bayramda ijro etiladigan balet nomerlaridan birida dirijyorlik qilishni topshirgan. Bu Dilbarning dirijyor sifatidagi ilk chiqishi boʻladi.
Xuddi shu yilning oʻzida u yosh dirijyorlar tanlovining saralash bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritadi va Moskvada boʻlib oʻtgan VI Butunjahon yoshlar festivalida I darajali diplom bilan taqdirlanadi.
“Aida” – Dilbar Abdurahmonova ijodidagi birinchi katta spektakl edi. 1960-yilda teatr shu spektakl postanovkasini tomoshabinlarga tuhfa etadi. Unda Dilbar Muxtor Ashrafiyga assistentlik qiladi.
Uning ilk katta mustaqil ishi 1964-yilda Toshkent xoreografiya bilim yurtida qoʻyilgan “Koppeliya” baleti boʻldi. Dilbar Abdurahmonovaning birinchi gastrollari 1963-1964-yillarga toʻgʻri keldi. Bu vaqtda Davlat katta akademik teatri Sibir shaharlari boʻylab gastrol safarlarida boʻladi, Moskva va Leningradda konsertlar beradi.
Teatrning 1966-yilda Misrga ilk chet el gastroli dirijyor-ayol ijodiy kamolotining xaqiqiy sinovi boʻldi. Bunda Dilbar Qohira orkestriga dirijyorlik qiladi. Bu Dilbar Abdurahmonovaning ilk bora xalqaro miqyosda tan olinishi edi.

Uning mahoratiga oʻz baleti premyerasini koʻrish uchun 1967-yilda Toshkentga tashrif buyurgan “Spartak” spektakli musiqasining muallifi Aram Xachaturyan ham yuksak baho bergan edi.
1969-yilda Dilbar Abdurahmonovaga OʻzSSR xalq artisti unvoni beriladi. 1974-yilda u Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri bosh dirijyori lavozimiga tayinlanadi. Bu paytda Dilbar Abdurahmonova avval namoyish etilmagan “Anna Karenina”, “Ispan miniatyuralari” “Dunyoning yaratilishi”, “Tanovar” kabi spektakllarni qoʻyishga bel bogʻlagandi. “Tanovar” Hamza nomli Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan uchinchi spektakl boʻldi.
1969-yilda Dilbar Abdurahmonovaga OʻzSSR xalq artisti unvoni beriladi. 1974-yilda u Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri bosh dirijyori lavozimiga tayinlanadi. Bu paytda Dilbar Abdurahmonova avval namoyish etilmagan “Anna Karenina”, “Ispan miniatyuralari” “Dunyoning yaratilishi”, “Tanovar” kabi spektakllarni qoʻyishga bel bogʻlagandi. “Tanovar” Hamza nomli Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan uchinchi spektakl boʻldi.
1977-yilda Dilbar Abdurahmonovaga SSSR xalq artisti unvoni beriladi.
1980-yillar gastrollarga boy oʻtadi. “Faust” (1982), “Otello” (1985), “Olovli farishta” (1984) spektakllarining postanovkasi, shuningdek, kichik sahnada “Kamera teatri”ning tashkil etilishi oʻsha davrning ulkan muvaffaqiyatlaridan boʻldi.
Dilbar Abdurahmonovaning ijodida Verdining “Bal-maskarad”, “Trubadur” “Traviata”, “Aida”, Sen-Sensning “Samson va Dalila”, Rossinining “Sevilya sartaroshi”, Chaykovskiyning “Pikovaya dama”, Bizening “Karmen”, Donitsettining “Sevgi sharbati”, Prokofyevning “Olovli farishta” kabi jahon musiqiy durdonalarining sahnalashtirilishi katta ahamiyat kasb etdi.
Dilbar Abdurahmonova musiqani nihoyatda nozik did bilan ilgʻaydigan va balet raqqosalari imkoniyatlarini baholay oladigan mohir balet dirijyori ham edi. U qoʻygan balet spektakllari orasida “Shopeniana”, “Bogʻchasaroy fontani”, “Francheska da Rimini”, “Oqqush koʻli”, “Qarsildoq”, “Dengiz qaroqchisi”, “Don Kixot”, “Zolushka” kabi durdona asarlar bor.
Dirijyor Dilbar Abdurahmonova oʻz ijodi davomida 64 ta balet va opera teatrlarini sahnalashtirdi. Uning mehnatlari munosib taqdirlangan. 2016-yilda Yunon falsafa akademiyasi unga “XXI asr Yer fuqarosi” unvonini bergan.
Dilbar Abdurahmonova hayotining soʻnggi yillarida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida taʼlim berdi.
Tina IMAMJAN
tayyorladi.