Oʻttiz yillab kutilgan bayram
Oʻn yilcha boʻlib qoldi, bir guruh olimlar, sanʼatkorlar bilan Moldovaga borib, MDH mamlakatlari ijodiy va ilmiy doiralari forumida qatnashgan edik.
Munosabat
Oʻn yilcha boʻlib qoldi, bir guruh olimlar, sanʼatkorlar bilan Moldovaga borib, MDH mamlakatlari ijodiy va ilmiy doiralari forumida qatnashgan edik. Mehmonxonamiz joylashgan koʻcha Kishinyov shahri qoq markazida boʻlib, “31-avgust koʻchasi” deb atalar ekan. Men ajablanib, “Nima, mamlakat tarixida qachondir 31-avgust kuni shunga arziydigan biron voqea boʻlib oʻtganmi, poytaxtning eng katta prospektlaridan birini shunday nomlabsizlar?” deb soʻradim. “Ha, bu sana biz uchun juda ulugʻ kun, – dedi bizni shahar boʻylab sayr qildirib yurgan mezbonlardan biri. – Chunki 1989-yil 31-avgustda moldovan tili davlat tili deb eʼlon qilingan!”
Forumdan qaytib kelib oradan bir-ikki hafta oʻtgach, kasb-korimiz taqozosiga koʻra, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun (moldovanlardan ikki oycha keyin, 21-oktyabr) tashkilot va muassasalarda oʻtkaziladigan “tadbir”larga tayyorlanishga kirishdik. Odatda, idoradan zoʻr-bazoʻr ishtirok etadigan besh-oʻn nafar xodimdan tashqari, zalni toʻldirish uchun, tibbiyot kolleji oʻquvchilarimi yo harbiy qism askarlarimi chorlanar, ular huzurida “tilimiz boy va qadimiy...” degan siyqa gaplarni har yili takrorlab (boshqa jiddiy masalani uqtirish behuda, albatta), doʻppi kiygan bir-ikki oʻquvchining til haqida yodlagan sheʼrini tinglab qaytar edik. Bunday “nishonlash” oʻttiz yilcha davom etdi. Uyogʻini soʻrasangiz, shunga oʻrganib ham qolgandik.
Ammo ana shu Kishinyov safaridan keyin yuragimda bir gʻashlik paydo boʻldi. Biz oʻzbeklar ona tilimiz borasida nufusi oʻndan birimizcha keladigan moldavanlarchalik boʻla olmabmiz! Yilda bir marta “Ona tili kuni”ni eplab-seplab oʻtkazamiz-da, ertasidan yana hamma joyda eski uslubda ish yurita beramiz, goʻyo rus tilini qoʻllash – baynalmilallik, oʻzbek tilida ish yuritish esa millatchilik deb qabul qilinadi, kimki yurak yutib, biron qogʻozni oʻzbekcha yozib joʻnataylik, axir oʻzbek tili – davlat tili-ku desa, shakkoklik boʻlib koʻrinsa... Davlat tili haqidagi qonun esa qogʻozda bor, amalda yoʻq narsa edi-da.
Yodingizdadir, Ikkinchi jahon urushining eng ogʻir bir pallasida ulugʻ shoirimiz Gʻafur Gʻulom sarosimaga tushmay, komil ishonch bilan “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak!” deb yozgan edi. Bugun ham, barchaning diqqati bemisl katta muhorabaga – koronavirus ofatiga qarshi kurashga qaratilgan bir paytda Prezidentimizning ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan sanani Oʻzbek tili bayrami kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qonunni imzolashi mohiyat-eʼtibori bilan – kelajakka komil ishonchning namoyishi, xalq irodasining tantanasi boʻldi. Bu qonun ona tilimizning koʻchasidagi, oʻzbek tili jonkuyarlarining, qoʻyingki, oʻzini oʻzbekman deb biladigan, shundan faxrlanadigan fidoyi mardumlarning koʻchasidagi bayramdir.
Ramazon va Qurbon hayiti degan diniy, Mustaqillik va Konstitutsiya kunlari kabi siyosiy, Navroʻz va Yangi yil kunlari singari taqvimiy bayramlarimiz bor edi. Endi ular qatoriga Oʻzbek tili bayrami degan milliy bayram qoʻshildi. Mahmud Koshgʻariyning, Navoiy va Boburning, Abdulla Qodiriy va Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir va Erkin Vohidov kabi ulugʻ til fidoyilarining ruhlari shodlanadigan, oʻttiz toʻrt millionlik oʻzbek elining milliy hissiyotlari shodumon boʻlib tantana qiladigan bayram bu!
Toʻy qilmasdan – bayram qilib nishonlamasdan oʻgʻlingizni uylantirmaysiz, qizingizni kuyovga bermaysiz. Chunki toʻy ular oldiga juda katta masʼuliyat yuklaydi. Endigi hayotlarida shuncha odamning eʼtiborida ekanini har lahza his etib turishadi.
Shu maʼnoda, oʻzbek tilimiz davlat tili boʻlganini umumxalq miqyosida bayram qilib, toʻyini oʻtkazish gardanimizga katta vazifa ham yuklaydi. Ona tilimizning chinakam davlat tili boʻlishi – Oʻzbekiston davlatida barcha ishni shu tilda yurgizish deganidir. Ishlab chiqarish va texnologiyani shu tilga oʻtkazish, olimlar ilmiy asarlarini oʻzbek tilida yozishi, sanoat, kon ishlari, bank hujjatlari... tamomila shu tilda boʻladi pirovardida.
Angliyada fabrika ingliz tilidagi texnologiya asosida mebel yasagani, yo boʻlmasa, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida barcha hujjatlar yaponcha oʻylab yaponcha yozadigan odamlar qoʻlida boʻlgani kabi endi Oʻzbekistonda ham barcha idoraviy ishlar oʻzbek tilida yuritiladi. Ammo banner va shiorlarni, koʻcha peshlavhalarini oʻzbek tiliga oʻtkazsak, idoradagi qaror va buyruqlarni oʻzbek tilida chiqarib, boshqa tashkilotlarga xat-hisobotlarni oʻzbekcha yuborishga oʻtsak, shu bilan ona tilimiz davlat tili boʻladi-qoladi desak, oʻzimizni aldagan boʻlib qolamiz.
Chunki bu nari borsa olti oylik ish – muztogʻning suv ustidagi koʻzga koʻrinib turgan oʻn foizi, balki bundan ham ozroq qismi. Ish yuritishni oʻzbekcha qilish va koʻcha yozuvlarini epaqaga keltirish eski uyning oldini chiroyli banner bilan toʻsishday gap. Albatta, birinchi navbatda shunday qilamiz ham, ammo oʻsha bannerning ortidagi imoratni muhtasham qilib qurish – ona tilimizning maqomini oʻrniga qoʻyish asosiy narsa.
Turkiyada turk tili butun mamlakat tili boʻlgani, boshqa til muhiti hukm surmagani kabi Oʻzbekistonda ham oʻzbek tili ilm-fan, texnika va texnologiya, qurilish va tibbiyot tiliga aylanishi kerak. Yaʼni, korxona va tashkilotlardagi ish qogʻozlari davlat tilida boʻlishigagina emas, ish jarayonining oʻzi oʻzbek tilida amalga oshishiga ham yetib borishimiz lozim. Ana oʻshanda oʻzbek tili davlat tiliga aylandi, desak boʻladi.
Hozircha bu – orzu. Chunki...
Bir misol aytay: 2007-yilda Samarqandning 2750-yilligi va Margʻilonning 2000-yilligi nishonlanishi oldidan tarixchilarimizning bu shaharlar oʻtmishiga atab bitgan asarlarini ona tilimizga oʻgirganman. Xayriyatki, bu kitoblarni chop etgan nashriyot andisha qilibdi – mutarjim nomini koʻrsatmay, oʻsha olimlar oʻzbekcha yozganday qilib taqdim etibdi...
Boshqa aniq fanlar, texnika va tibbiy ilmlarni qoʻya turing, aksar tarixchi olimlarimiz ham hanuz oʻz ona tilida emas, sobiq valineʼmatlarining tilida yozyapti yozadiganini! Oʻzbek olimlarning vatanparvarligi, millatsevarligi shu darajada boʻlsa, boshqalardan oʻpkalash na hojat? Demak, ish yetarli.
2019-yil 21-oktyabr kuni Prezidentimizning “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga binoan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. 2020-yil 10-aprel kuni davlatimiz rahbari “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi!
Albatta, bu bayram munosib nishonlanadi. Biroq barcha harakat va taraddudlarimiz bayramni qoyillatib oʻtkazishga qaratilib qolmagani yaxshi. Bayram bor, bayramning ertasi ham bor, degan maqoldagidek, uni har yili ish yakuni sifatida, qolaversa, oʻtgan oʻttiz yil davomida hal etilmay, toʻplanib qolgan muammolarni bartaraf qilib, yaʼni har bir yilda kamida uch yillik vazifani bajarib soʻng bayram qilsak, toʻgʻri boʻladi. Har bir oy, har bir chorakda qilinadigan vazifalarni birin-sirin bajara borib, ona tilimizni chin davlat tiliga aylantiramiz. Ana shunda bu bayramning, yana boshqa bayramlarning ssenariysi ham oʻzbekcha yoziladi, nafaqat “milliy libos”i, balki ruhiyu ravish-raftori ham oʻzbek boʻlganlar mamlakatimizning eng ulkan maydonlarida oʻzbek millatining ruhini koʻklarga koʻtarib tantana qiladilar.
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
adabiyotshunos.