Mamlakatimizda Mo‘g‘uliston kinosi kunlari bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Mo‘g‘ul kinosi kunlari” tadbirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Mo‘g‘ulistondan tashrif buyurgan rasmiy mehmonlar, kino ijodkorlari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Kino kunlari doirasida bugun tomoshabinlarga mo‘g‘ul kinosining sara namunalaridan bo‘lgan “Mustaqillik” hamda “Ayol” badiiy filmlari namoyish etildi.

Film namoyishlari kino ixlosmandlarida katta taassurot qoldirib, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy va ijodiy aloqalarning yana bir yorqin ifodasiga aylandi.
Mazkur madaniy loyiha ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish, milliy kinematografiya tajribasi va ijodiy almashinuvni kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA