Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi "Nurli maskan" maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida "Zakovat" intellektual musobaqasining respublika bosqichi tashkil etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 20 yanvardagi "Zakovat" intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida yurtimizdagi "Nurli maskan" maktab-internatlarining o‘quvchilari o‘rtasida "Zakovat" intellektual o‘yinini tashkil etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilangan.
–Mamlakatimizda "Zakovat" intellektual o‘yinini ommalashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimi Abdurauf Abdug‘aniyev. – Mazkur intellektual musobaqani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad bolalarning tafakkuri va dunyoqarashini yanada o‘stirish, ularning bilimlarini boyitishdan iborat. Bu yil ushbu intellektual musobaqa "Nurli maskan" maktab-internatlari tizimida birinchi marta o‘tkazilmoqda. Yurtimizdagi 17 ta "Nurli maskan" maktab-internatlari o‘quvchilarining eng iqtidorli o‘g‘il-qizlari saralab olindi.
[gallery-15127]
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan (ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasidagi "Zakovat" o‘yinlarining hududiy bosqichi 25 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda yuqori sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Eng zukko va topqir 102 nafar o‘quvchi final bosqichida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.
Aytish kerakki, "Nurli maskan" maktabi o‘quvchilarining mazkur tafakkur bellashuvi uchun savollar "Zakovat" intellektual klubi tomonidan alohida shakllantirildi.
"Zakovat"ning ushbu tizimdagi musobaqasi maktab yoshidagi bolalarga xos tarzda zavqli, jo‘shqin, g‘oyat samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi.
–Rosti, avval "Zakovat" intellektual o‘yiniga uncha qiziqmasdim, – dedi Xiva shahridagi "Nurli maskan" maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi Asadbek Nuriddinov. – Murabbiyimiz Ro‘zmat Jabborov bu o‘yinga qiziqib qolishimga katta turtki berib, oynaijahon orqali "Zakovat"ni doimiy kuzatib borishni tavsiya qildi. Shundan buyon "Zakovat"ni muntazam ko‘rib boraman. Ushbu klubning vakillari Jobir Ahmedov, Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikr yuritishi, zukkoligi, o‘z vaqtida motivatsiya bera olishi barchamizga juda yoqadi. Bu motivatsiya dangasalikdan qutqarishi bilan birga, umidsizlikdan xalos etadi. Doim o‘qib, izlanishga undaydi.
"Zakovat"ning Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi "Nurli maskan" maktab-internati o‘quvchilari o‘rtasidagi bosqichi baland ruhda, yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in va murosasiz bahs yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Guliston shahridagi "Nurli maskan" maktab-internati o‘quvchilari egalladi. 2-o‘ringa Navoiy viloyatidagi "Nurli maskan" maktab-internati, 3-o‘ringa Jizzax viloyatidagi "Nurli maskan maktab-internati o‘quvchilar jamoasi loyiq topildi.
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA