“Zakovat-Quiz” intellektual musobaqasi o‘tkazildi
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida professor-o‘qituvchi ayollar o‘rtasida “Zakovat-Quiz” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘qituvchi va murabbiylar bayramini mazmunli o‘tkazish, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida do‘stlik va ijodiy muhitni yanada mustahkamlash, ularning intellektual salohiyati, dunyoqarashi va jamoa bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratishdan iborat.

Musobaqa davomida ishtirokchilarga tarix, fan, adabiyot, san’at, madaniyat, mantiq va boshqa sohalarga oid savollar berildi. Har bir savol jamoalardan chuqur bilim bilan birga tezkor fikrlash, mantiqiy tahlil va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini ham talab etdi.

Qizg‘in va bayramona ruhda o‘tgan o‘yin yakunida birinchi o‘rin Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti, ikkinchi o‘rin Aniq fanlar fakulteti, uchinchi o‘rin Tarix fakulteti jamoalariga nasib etdi.
Ishtirokchilar va g‘oliblar diplom, medal, faxriy yorliq hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan bayram sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri