Navoiy merosining yana bir xalqaro e’tirofi
Ustoz ijodkor, atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hamyurtlarimizdan biridir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati ma’lum qilishicha, uyushmaning Adabiy tanqid kengashi raisi, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning hazrat Alisher Navoiy adabiy merosi tahliliga bag‘ishlangan monografiyasi Bokuda «Əmir Əlişir Nəvainin irfani dünyası» nomi bilan ozarbayjon tilida nashr etildi.
Kitobni Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining Ozarbayjon–O‘zbekiston–Turkmaniston adabiy aloqalari bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni sohibi Almazxonim Ulviy Binnatova hamda Tabriz universiteti (Eron) professori, filologiya fanlari doktori Husayn Xushbotin ozarbayjon tiliga tarjima qilgan.
Nashrning ilmiy maslahatchisi — akademik Iso Habibbeyli, taqrizchisi — Yashar Qosim, muharriri esa Sirojiddin Hojidir.
Monografiya Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ilmiy kengashining qarori asosida chop etilgan. Kitob muqovasi o‘rta asrlar me’moriy obidalari fonida hazrat Alisher Navoiy portreti hamda nafis milliy naqshlar bilan bezatilgan.
E’tiborli jihati shundaki, Ozarbayjonning bosh axborot agentligi — AZƏRTAC mazkur kitob nashri munosabati bilan alohida maqola e’lon qildi. Bu esa ushbu nashrning nafaqat ilmiy, balki xalqaro madaniy ahamiyatga ham ega ekanini ko‘rsatadi. Monografiyaning ozarbayjon tilida chop etilishi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy va ma’naviy aloqalarning yana bir amaliy samarasidir.
Ta’kidlash joizki, professor Nurboy Jabborov Alisher Navoiy hayoti va boy adabiy merosini ilmiy tadqiq etish, chuqur tahlil qilish hamda keng jamoatchilikka targ‘ib etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida faoliyat yuritayotgan olimning navoiyshunoslik sohasidagi xizmatlari tizimli va serqirra.
Olimning ushbu yo‘nalishdagi eng muhim tadqiqotlaridan biri — 2021-yilda nashr etilgan «Maoniy ahlining sohibqironi» nomli fundamental monografiyasi. Asarda Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir, balki yirik davlat arbobi, ma’rifatparvar va insonparvar shaxs sifatida zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Muallif Navoiyning bunyodkorlik faoliyati, ijtimoiy-siyosiy qarashlari va davlat boshqaruvidagi o‘rnini tarixiy hamda adabiy manbalar asosida atroflicha yoritgan.
Professor Nurboy Jabborov tadqiqotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri Navoiy ijodining islomiy-ma’rifiy asoslari va tasavvuf falsafasini o‘rganishdan iborat. Olim shoir asarlaridagi «ma’no» va «ma’no ahli» tushunchalarini Qur’oni karim, hadisi shariflar hamda tasavvuf ta’limoti asosida tahlil qilib, ularning mazmun-mohiyatini ilmiy jihatdan asoslab bergan. Shuningdek, Navoiyning diniy-axloqiy qarashlari, «Vaqfiya» kabi asarlaridagi xayriya, saxovat va ijtimoiy adolat g‘oyalarining bugungi kun uchun ham dolzarbligini ilmiy dalillar bilan ko‘rsatib kelmoqda.
Olim Navoiy asarlarining til xususiyatlari va badiiy mahoratini tadqiq etishga ham alohida e’tibor qaratgan. U shoir ijodidagi fonetik uyg‘unlik, leksik boylik va o‘ziga xos sintaktik qurilmalarni tahlil etib, Navoiy shakllantirgan adabiy til me’yorlarining zamonaviy o‘zbek adabiy tili taraqqiyotidagi o‘rnini asoslab bergan.
Nurboy Jabborov Navoiy merosini nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham faol targ‘ib qilib kelayotgan olimlardan biridir. U xalqaro ilmiy anjumanlarda muntazam ma’ruzalar qilib, navoiyshunoslik rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ana shu xizmatlari e’tirof etilib, 2023-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining «Alisher Navoiy» medali bilan taqdirlangan.
«Əmir Əlişir Nəvainin irfani dünyası» monografiyasining qardosh Ozarbayjonda nashr etilishi milliy adabiyotimizni, xususan, hazrat Alisher Navoiyning bebaho adabiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA