Qonun loyihasiga sharh
Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlari himoyasini kuchaytirish va tadbirkorlar uchun yengillik berishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy usullarni joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, mazkur sohada iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan talablar kuchaytirildi. Biroq, muvofiqlikni baholovchi organlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarning ortib borayotgani bu borada huquqiy ta’sir choralarini kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihasida iste’molchilar huquqlari himoyasini kuchaytirish, muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini oshirish va tadbirkorlarga yengillik berish masalalari nazarda tutilgan. 1 ta kodeks hamda 3 ta qonunga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, mazkur hujjatga ko‘ra, muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish natijasida tayyorlangan nuqsonli tovar (ish, xizmat) natijasida fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetsa, tovar tayyorlovchisi bilan bir qatorda muvofiqlikni baholash organi ham zararni qoplashda javobgar bo‘ladi. Standartlar va texnik talablarga javob bermaydigan mahsulotning kamida yetmish foizini belgilangan tartibda chaqirib olgan, ya’ni iste’molchilardan yetib borishidan oldin qaytarib olish choralarini ko‘rgan yuridik shaxslar moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.
Muvofiqlikni baholash organlarining javobgarligi qonun hujjatlariga moslashtirilib yanada aniqlashtirilmoqda. Bunda muvofiqlikni baholash qoidalarining buzilishi natijasida oqibat kelib chiqqan yoki chiqmaganidan hamda huquqbuzarlik holati bartaraf etilgan yoki etilmaganidan qatiy nazar Muvofiqlikni baholash organlariga nisbatan moliyaviy sanksiya qo‘llanilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi muvofiqlikni baholash organlarining, mahsulot xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etuvchi sub’ektlarning mas’uliyatini yanada oshirish, iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish choralarini kuchaytirish hamda standart talablariga javob bermaydigan mahsulotni o‘z vaqtida bozordan chiqarish choralarini ko‘rgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA